Andijon davlat tibbiyot instituti rahbariyati tomonidan 2019-yil 16-23- iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017- yil 17- apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ -2909 –sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida talabalarning millatlararo madaniy va tibbiy tajriba almashishlarini amalga oshirish maqsadida Respublikada ilk marotaba xorijiy hamkor oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun “Vodiy gavhari” nomli Xalqaro yozgi maktab tashkil etildi.
Shu munosabat bilan 2019- yil 17- iyun kuni Belarus davlati Gomel davlat tibbiyot universiteti, Rossiya Federatsiyasi I.M.Sechenov nomidagi 1-Moskva davlat tibbiyot universiteti, Qozog‘iston Respublikasi Akto‘be shahridagi M.Ospanov nomli G‘arbiy-Qozog‘iston davlat tibbiyot universiteti, Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh davlat universiteti tibbiyot fakulteti, Toshkent Farmatsevtika instituti hamda Samarqand davlat tibbiyot institutining jami 12 nafar talaba Andijon davlat tibbiyot institutiga tashrif buyurdi.
Talabalarni bayramona bezatilgan institut foyesida institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti faollari va talabalar guldastalar bilan “Andijon polkasi” raqsi musiqasi sadolari ostida tantanali kutib oldilar.
Shundan so‘ng, talabalar bilan institut xalqaro hamkorlik bo‘limida uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor A.Arziqulov so‘z olib, Andijon tarixi, ADTI tizimi, kadrlar tayyorlash masalasi,yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor P.Asxanov “Xalqaro yozgi maktab”ni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsadlar, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i K.Salohiddinov xorijiy mamlakatlar bilan o‘rnatilgan hamkorlik aloqalari, jumladan, masofaviy ta’lim, onlayn konferensiyalar, yosh olimlarning an’anaviy anjumanlari, ADTIni tamomlagan mashhur kishilar xususida gapirib berdi.
So‘ngra talaba-mehmonlar institut simulyatsion markazida bo‘lishib, bu yerdagi shart-sharoitlar, mulyajlar, fantom va ternajyorlar, zamonaviy tibbiy asbob –uskunalarni ko‘zdan kechirdilar.
Shuningdek, institut Axborot-resurs markazi faoliyati, imkoniyatlari hamda ko‘rgazmalar zali, Anatomiya, operativ jarrohlik va topografik anatomiya kafedrasi muzeyidagi eksponatlar bilan tanishdilar.
Kunning ikkinchi yarmida esa ular simulyatsion o‘quv markazida “Favqulotda tibbiyotga kirish. Kardiopulmoner reanimatsiya asoslari” mavzusida o‘tkazilgan o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashdilar.
Xalqaro yozgi maktab a’zolari bir necha kun davomida go‘zal Andijonimizning diqqatga sazovor joylari, so‘lim va xushmanzara maskanlarida bo‘ladilar. Yurtimiz tarixi, institut faoliyati bilan yaqindan tanishadilar. Turli madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlarida qatnashadilar. Shu bilan birgalikda favqulotda vaziyatlarda birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha mashg‘ulotlar, seminar-treninglar, davra suhbatlari,turli musobaqa va shoularda ishtirok etadilar.
Viloyatimizdagi Bog‘i Bobur, O‘lkashunoslik muzeylari, akvapark hamda xushmanzara go‘shalari va so‘lim tabiat qo‘yniga qiziqarli sayohatlarga chiqadilar.