Shaxmatning kelib chiqishi chaturanga oʻyiniga borib taqaladi. Arab xalifaligi davrida bu oʻyin shatranj nomi bilan ommaviylashdi. Arablar shaxmat yozuvini joriy etgani uchun shaxmat oʻyinlari matniga oid qimmatli maʼlumotlar saqlanib qolgan. Mazkur o‘yinning bugungi kunda ishqibozlari juda ko‘p.
Andijon davlat tibbiyot institutining Talabalar turar joyida professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida shaxmat sport turi bo‘yicha “Rektor kubogi” uchun ochiq chempionat o‘tkazildi. Unda institut rektori M.Madazimov, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Salohiddinov ishtirok etdi.
– Shaxmat kishi dunyoqarashini kengaytirib, uni o‘ylashga, fikrlashga, eslab qolishga, taqqoslashga, kelajakni oldindan ko‘ra olish va xulosa qilishga o‘rgatadi. Shuningdek, shaxmat o‘ynagan odamda e’tibor, qat’iyat, iroda, o‘z-o‘ziga tanqid va mustaqil xulosa qilish qobiliyatlari shakllanadi. Bugungi ishtirokchilar ham, o‘ylaymanki, o‘qish va ishlarida eng ilg‘orlardan chunki, bu sport turida g‘olib bo‘lish chinakam iqtidorni va salohiyatni talab etadi,- deya institut rektori musobaqani ochib berdi.
Shundan so‘ng o‘yinlar start oldi. Barcha ishtirokchilar o‘z raqiblarini mot qilish uchun astoydil dona surdilar. Murosasiz baxslardan so‘ng professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasida g‘oliblar aniqlandi.
Professor-o‘qituvchilar o‘rtasidagi o‘yinlarda:
1-o‘rinni Davolash fakultetidan Mirzo Ulug‘bek Ulug‘bekov;
2-o‘rinni Stomatologiya fakultetidan Ravshanbek Valiyev;
3-o‘rinni Davolash fakultetidan Mirzohid Olimjonov egalladi.
Talabalar o‘rtasidagi o‘yinlarda esa:
1-o‘rinni Davolash fakultetidan Fazliddin Mirabdullayev;
2-o‘rinni Davolash fakultetidan Oliya Rafiyeva;
3-o‘rinni Stomatologiya fakultetidan Abdulaziz Chimberdiyev qo‘lga kiritdi.
G‘oliblar institut rektori tomonidan diplom hamda bazaviy stipendiyaning bir barobari miqdoridagi vaucher bilan taqdirlandi.