ADTI kengashlar zalida 2019 -yil 27- may kuni ilmiy kengash a’zolari, dekan o‘rinbosarlari va o‘quv ishlari bo‘yicha mas’ullar ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishni institut rektori M.Madazimov ochdi. M.Madazimov 2019- yil 24 – may kuni Toshkent shahrida Muhtaram Yurtboshimiz S.Mirziyoyev ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda qatnashganligini aytib, mazkur yig‘ilishda qo‘yilgan muhim masalalar va tafsilotlar bilan institut jamoasini tanishtirdi.
Jumladan, yig‘ilishda respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari, ilmiy-tadqiqot va ilmiy tekshirish institutlari rahbarlari va ta’lim sifatiga mas’ul shaxslar ishtirok etganligini aytib o‘tdi. O‘z navbatida yig‘ilishda ta’lim sifatini oshirish, talabalarni baholashda talabchan bo‘lish, adolatli baholash, har jihatdan salohiyatli mutaxassislarni tayyorlash, shuningdek, ta’lim berish sifatini oshirish, ilmiy salohiyatni ko‘tarish, innovatsiyalarni amalga oshirishga keng e’tibor qaratish kabi mavzularni o‘rtaga tashladi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus haqida, iqtidorli talabalarni rag‘batlantirish, axborot texnologiyalari va xorijiy tillarni puxta o‘rganish masalalari muhim ekanligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda institut o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor A. Arziqulov attestatsiya-akkredetatsiyaga tayyorgarlik ko‘rish, o‘quv ishlarini rejali tashkil etish, professor-o‘qituvchilarga qo‘yilayotgan talablar haqida atroflicha tushuncha berib o‘tdi.
Yig‘ilishda 7-8 iyun kunlari o‘tkaziladigan ilmiy-amaliy konferensiyaga tayyorgarlik ishlari xususida gap borib, amalga oshiriladigan ishlar xususida kelishib olindi.