“Shifokorlar” Yoshlar festivalida

image_pdfYuklab olish (pdf)image_printChop etish versiyasi

Qalbi qaynoq, sho’x-quvnoq, ilmga chanqoq yoshlarning har bir davrasi o’yin-kulgu, kuy-qo’shiq, raqslarga boy bo’ladi. O’zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tashabbusi bilan Andijon viloyatida “Buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo’laylik” shiori ostida o’tkazilgan Yoshlar festivali ham yoshlarning sho’x kulgusiga to’liq bo’ldi. O’zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 28 yilligiga bag’ishlangan Yoshlar festivalida O’zbekiston Yoshlar ittifoqining shahar, tuman Kengashlari yetakchilari, ilm-fan, san’at, adabiyot, sport sohalarining turli yo’nalishlari bo’yicha viloyatdagi iqtidorli yoshlar, harbiy qismlarning mard, jasur askarlari, ichki ishlar tizimlarida xizmat qilayotgan yosh mutaxassislar ishtirok etishdi. Respublikada birinchi bo’lib Andijon viloyatida o’tkazilgan mazkur Yoshlar festivalida Andijon davlat tibbiyot institutining talabalari ham faol ishtirok etishdi.

ADTI talabalarining “Shifokorlar” teatr studiyasi Bobur nomidagi viloyat teatrining muhtasham binosida Dilmurod Shayxov rejissyorligidagi “Ko’cha bolalari” spektaklidan parcha namoyish etdilar. Yoshlar tarbiyasidagi muammolarga bag’ishlangan mazkur sahna asari yoshlar tomonidan davomli olqishlar bilan qarshi olindi. Institutning quvnoq va zukko talabalaridan iborat “Ulfatlar” jamoasining sahna ko’rinishlari esa tomoshabinlarning kayfiyatini yanada ko’tardi. Kelajakda shifokor bo’lish orzusida tahsil olayotgan xushovoz talaba Ilhomjon Hoshimov ijrosidagi ona yurtimiz, maftunkor va betakror Vatanimizni madh etgan q’o’shiqqa barcha yoshlar jo’rovoz bo’lgan bo’lsa, uning sho’x qo’shiqlari esa, bayram ishtirokchilarini ommaviy raqsga chorladi. Institut talaba yigitlari esa “Andijon polkasi” raqsini gulduros qarsaklar ostida ijro etishdi.

“Buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo’laylik” shiori ostida o’tkazilgan Yoshlar festivali doirasida viloyatning turli hududlarida rang-barang mavzularda davra suhbatlari, uchrashuvlar, ko’ngilochar tadbirlar uyushtirildi. Har bir tadbirda mamlakatimiz yoshlarining ulkan yutuqlari alohida e’tirof etildi,  ularni yangi-yangi manzillar,  zafarlarga undadi.

Festival Andijon viloyati yoshlarini bir maqsad uchun yagona kuch sifatida birlasha olishini yana bir bor ko’rsatdi. O’zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 28 yilligiga bag’ishlangan tadbirlar esa davom etmoqda.

276