Bugun, 22-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Olimjon Omonov Andijon davlat tibbiyot institutida bo‘lib, institut imkoniyatlari bilan tanishdi.



Mehmonni institut rektori M.Madazimov boshchiligida institut jamoasi kutib oldi. O.Omonov institute klinikasi hamda zamonaviy, jahon andozalariga mos tarzda jihozlangan yangi 2000 o‘rinli o‘quv binosida bo‘ldi. Unda Simulyatsiya markazi imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi. Jarayonlar davomida Shveysariya davlatidagi ELZA instituti bosh direktori, “Light for sight” jamg‘armasi a’zosi, Toshkentdagi MESCA (Markaziy Osiyodagi Tibbiy Mahorat va Ilm-fan fondi) Foundation-National Eye Institute (Milliy ko‘z instituti) direktori Nikki Hafezi bilan suhbat olib bordi va tibbiyot ta’limini yanada rivojlantirishda hamkorlikni kengaytirish borasida takliflar bildirildi.


O.Omonov interfaol tarzda tashkil etilgan dars mashg‘ulotlarida ustozlar va talabalar bilan suhbatlashar ekan, mas’ullarga tibbiyot va ta’lim sohasida raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, sog‘liqni saqlash va ta’lim muassasalari o‘rtasida ma’lumotlar almashinuvi uchun dasturiy muhit yaratish, sohani davr talablariga moslashtirish bo‘yicha qator taklif va tavsiyalarni berdi.



