
Bugun, 9-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Davron Sultonov Andijon davlat tibbiyot institutida bo‘lib turibdi.
Institut rektori M.Madazimov D.Sultonovni institutning yangi o‘quv binosi imkoniyatlari bilan tanishtirdi. Mazkur bino O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-iyundagi “Yangi Andijon” shaharchasini barpo etish va Andijon viloyatida tadbirkorlikni yana-da qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” PQ-5154 sonli qaroriga asosan institut klinikasi hududidagi 2 gektar yer maydonida bunyod etilgan 2000 o‘ringa mo‘ljallangan holda qad rostlagan.
Bugungi kunda bino to‘liq zamonaviy holga keltirilgan. Tibbiy ta’limni nazariya bilan uyg‘unlashtirish uchun simulyatsiya markazi so‘nggi rusumdagi robot simulyatorlar bilan jihozlangan. Ulardan foydalangan holda talabalar nazariy olgan bilimlarini amaliyotda mustahkamlab borish imkoniyatiga ega.
Vazir o‘rinbosari yangi o‘quv bino imkoniyatalari bilan tanishar ekan, bu kabi sharoitlar talabalarni sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishlarida muhim amaliy maydon bo‘lib xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, D.Sultonov bugun institutda o‘tkazilayotgan “Tibbiyotning dolzarb muammolariga innovatsion yondashuv” mavzusida talabalar va yosh olimlarning xalqaro ilmiy-amaliy anjumani hamda “Andijon-2025” I xalqaro talabalar fan olimpiadasi jarayonlarida ham ishtirok etdi. Shuningdek, D.Sultonov Janubiy Qozog‘iston tibbiyot akademiyasi rektori Janna Seytjanova bilan ham uchrashib, O‘zbekiston va Qozog‘istonda tibbiyot sohasida olib borilayotgan islohotlar borasida fikrlar almashdi.