Bugun, 18-iyul kuni Andijon davlat tibbiyot instituti hamda Marhamat tuman hokimligi hamkorligida Davlatimiz rahbarining PQ-232-son qarori ijrosini taʼminlash hamda “Yoshlar turizmi oyligi” doirasida yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli va maroqli o‘tkazish maqsadida viloyatimizning so‘lim go‘shasi Xonobod shahrida joylashgan madaniyat va istirohat bog‘ida “Chilla– isteʼdodlar mavsumi” nomli madaniy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi.
Unda institut professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida stol tennisi, badminton sport turlari, arqon tortish bo‘yicha musobaqalar tashkil qilindi.
Fakultetlar jamoasining milliy taomlarimizni tayyorlashga bo‘lgan mahoratini sinovdan o‘tkazish maqsadida «Osh tanlovi» o‘tkazildi.
Kunning ikkinchi yarimida ko‘ngilochar konsert dasturi namoyish etildi. Unda iqtidorli yoshlar tomonidan ijro etilgan qo‘shiqlar guldastasi barchani raqsga chorlab, xush kayfiyat baxsh etdi.
Tadbir doirasida milliy liboslar namoyishi o‘tkazildi. Atlasu, adras matolaridan tikilgan betakror liboslar go‘zal qizlar husniga husn qo‘shdi.
Gulxan atrofida o‘tgan kechki oqshom dasturida isteʼdodli yoshlar o‘z iqtidorlarini namoyish etdi. Barcha qatnashchilar xush kayfiyatda qo‘shiq ijrochilariga jo‘r bo‘ldi.
Tadbir yakunida kun davomida o‘tkazilgan tanlovlar g‘oliblari taqdirlandi.