Bugun, 12-mart kuni Andijon davlat tibbiyot institutida Propedevtik stomatologiya kafedrasi huzuridagi “Basis of Dentistry” talabalar ilmiy jamiyati tomonidan “Propedevtik stomatologiya innovatsiyalari” mavzusida II Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi hamda master-klass tashkil etildi.
Mazkur ilmiy anjumanni institut rektori M.Madazimov kirish so‘zi bilan ochib berib, stomatologiya sohasida ilmiy izlanishlarni rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish hamda talabalar ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdi.


Anjumanda turli oliy ta’lim muassasalaridan talabalar, yosh tadqiqotchilar hamda soha mutaxassislari ishtirok etib, stomatologiya yo‘nalishida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar va zamonaviy amaliy yondashuvlar yuzasidan ma’ruzalar taqdim etdilar.
Tadbir doirasida: janob Nox – MegaGen kompaniyasining O‘zbekistondagi vakili, PhD Ahror Shodmonov – MegaGen Uzbekistan kompaniyasi asoschisi, Azizbek Gofurov MegaGen Uzbekistan yetakchi mutaxassisi ishtirok etib, stomatologiyada qo‘llanilayotgan innovatsion texnologiyalar, implantologiya sohasidagi zamonaviy usullar hamda o‘zlarining ilmiy va amaliy tajribalari bilan qatnashchilar bilan o‘rtoqlashdi.



Shuningdek, mahorat darsi jarayonida talabalar va yosh mutaxassislar uchun stomatologiyada qo‘llanilayotgan yangi texnologiyalar, zamonaviy uskunalar hamda klinik amaliyotdagi innovatsion yondashuvlar bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar berildi.
Mehmonlarga institut rektori tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.


Bunday ilmiy-amaliy tadbirlar talabalar ilmiy salohiyatini oshirish, ularni zamonaviy tibbiy texnologiyalar bilan tanishtirish hamda stomatologiya sohasida ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.


