alexa
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

TADBIR CHINAKAM IJOD KECHASIGA AYLANDI

11:50 02.04.2021

Ilmiy kengashlar zalida institut Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo’limi, Xotin-qizlar masalalari bo’yicha kengashi hamda ARM hamkorligida talabalar o‘rtasida kitob madaniyatini oshirish, ilmga, adabiyotga mehr uyg‘otish maqsadida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, akusherlik-ginekalogiya mutaxassisligi magistranti Mehrinoz Komilova bilan ijodiy kecha o‘tkazildi.

Dastavval ARMga keltirilgan yangi adabiyotlar ko’rgazmasi bilan boshlangan tadbirni Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor M. Botirov ochib berdi va shoira Zulfiya Isroilovaning hayoti, ijodiy faoliyati to‘g‘risida ma’lumotlar berib o‘tdi. Shuningdek, shoiraning she’rlaridan o‘qib, davraga o‘zgacha ruh olib kirdi.

Tadbir davomida institut Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha kengash raisi M. Jo‘rayeva ham Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lish har bir qizning imkoniyati ekanligi, unga xujjat topshirish bo‘yicha o‘z ko‘rsatmalarini berdi.

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Mehrinoz Komilova ham ilmiy izlanishlari, o‘qish va ishda faolliklari to‘g‘risida to‘lqinlanib so‘zlab berdi. Bu borada ustozlari qatori ota-onasining ham xissasi yuqori ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi. Mehrinozning onasi Ra’no Hayitboyeva ham mana shunday oqila, talabchan, ilg‘or qiz o‘stirganligi bilan g‘ururlanishini izhor etdi.

Tadbirning badiiy va ijodiy qismi avj pallasiga yetdi. Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor M. Botirov boshchiligida Zulfiyaxonim ijodiga oid mushoira tashkil etildi. ARM kutubxonachisi Yo. Iminova, Stomatologiya fakultetining 2-bosqich talabasi M. Umarxo‘jayeva va boshqa bir qator talaba qizlarimiz tomonidan o‘tli she’rlar o‘qildi.

Tadbir ko‘ngillarga fayz va mehr-muhabbatni baxshida etdi.