Andijon davlat tibbiyot institutida Talabalarni turar joy bilan ta’minlash bo‘yicha navbatdagi komissiya hay’ati yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda institut rektorining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi G.Xolmatova, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat-ma’rifat bo‘limi boshlig‘i A.Abduxalimov, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi institut boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi H.Qo‘chqorov, Talabalarni turar joy bilan ta’minlash ishlarini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i D.Matmusayev va tyutorlar ishtirok etdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 605-sonli qarori bilan 2021-yil 1-maydan boshlab yotoqxona bilan qamrab olinmagan va o‘ziga, shu jumladan ota-onasi (qonuniy vakillari) ga tegishli bo‘lmagan uyda ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy ta’lim muassasalari talabalarining 60 foiziga ular tomonidan to‘lanadigan oylik ijara to‘lovining 50 foizi O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjetidan to‘lab berilmoqda.
Yig‘ilishda ayni shu qarorning ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i axborotlarni yig‘ilganlarga o‘qib eshittirdi. Shuningdek, yig‘ilish davomida talabalar turar joyi uchun to‘lovlarni oson amalga oshirish uchun ishga tushirilgan Zoomrad ilovasi haqida ham tushuntirish ishlarini olib bordi. Yakunda hujjatlari taqdim etilgan 95 nafar talabadan 94 nafarining ijara to‘lovini joriy oy uchun 50 foizi to‘lab berilishi tasdiqlandi.