Andijon davlat tibbiyot institutida talabalarni turar joy bilan ta’minlashga qaratilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Salohiddinov, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi G.Xolmatova, Talabalarni turar joy bilan ta’minlash ishlarini muvofiqlashtirish bo‘limi xodimlari, Bosh auditor U.Oybekov, buxgalteriya mas’ul xodimi Z.Yusupov, fakultetlar dekanlarining o‘rinbosarlari ishtirok etdi.


Yig‘ilish davomida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-yanvardagi №32-sonli “Ayrim toifadagi talabalarning davlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlarini qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori hamda uning ijrosi yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi. Mazkur qarorga asosan Andijon davlat tibbiyot instituti rektorining 2026-yil 6-fevral kungi T-01/08/289-sonli buyrug‘ining 1-ilovasiga o‘zgartirish kiritish masalalari ko‘rib chiqildi.
Unga ko‘ra, talabalarni turar joy bilan ta’minlash bo‘yicha mavjud ishchi guruh tarkibi o‘zgartirildi.
Shuningdek, qaror doirasida talabalar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari va amaliy ijro masalalari muhokama qilindi.


Yig‘ilish davomida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-sentabrdagi “Davlat oliy ta’lim muassasalarining ijara huquqi asosida yashayotgan talabalariga oylik ijara to‘lovining bir qismini O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjeti hisobidan qoplab berish tartibi to‘g‘risida”gi 605-sonli qarorida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Talabalarni turar joy bilan ta’minlash jarayonida aniqlanayotgan muammolarni bartaraf etish, talabalar turar joylari hamda ijara xonadonlarida istiqomat qilayotgan talabalarning yashash sharoitlarini tizimli o‘rganish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
