Bugun oliy muassasalarida birinchi bosqich talabalari uchun birinchi oʻqish kuni. Barcha talabalar va ularning ota-onalari cheksiz hayajonda.
Andijon davlat tibbiyot institutida ham bugun, 3-sentabr kuni «Talabalikka bagʻishlov» tadbiri katta shodiyona bilan nishonlandi. Unda viloyat hokimi o‘rinbosari K.Komilov ishtirok etib, viloyat hokimi Sh.Abdurahmonovning tabrik so‘zini o‘qib eshittirdi.




Shuningdek, institut rektori M.Madazimov ham so‘z olib, talabalar va ularning ota-onalarini mamlakatimiz Mustaqilligining 34 yilligi hamda bugungi quvonchli kun «Bilimlar kuni» bayrami bilan tabrikladi.
– Aziz, yoshlar institutimizga xush kelibsiz! Barchangizni kelajakdagi o‘qish va ishlaringizda omad va zafarlar tilayman, – dedi, rektor.


Shundan so‘ng eng yuqori 189 ball bilan davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan Rayyona Mamatova o’zining hayajoni, bilim yo‘lida ustozlarining ko‘magi va tinimsiz mehnatlari haqida so‘z yuritdi. Kelajakdagi orzu maqsadlari bilan bo‘lishdi.

Institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori S.Salohiddinov tomonidan institut tuzilmasi, ichki tartib-qoidalari haqida ma’lumot berildi.
Tadbir yakunida bayram nishonasi sho‘x kuy-qo‘shiqlar yangradi.


«Talabalikka bagʻishlov» tadbiridan soʻng «Kelajak soati» darslari olib borildi. Unda talabalarga institut rektori M.Madazimov tibbiyot sohasi, bugungi kunda sohada erishilayotgan yutuqlar, talabalar oʻz ustilarida tinmay izlanishlari, bu borada oliygohda yaratilayotgan sharoitlar borasida maʼruza olib bordi.



Shundan so‘ng barcha talabalar guruhlarga bo‘lingan holda institut bilan yaqindan tanishdilar.
Eslatib o‘tamiz, hafta davomida birinchi bosqich talabalari uchun “Kredit taʼlimi tizimiga kirish” haftaligi bo‘lib o‘tadi. Unda talabalar institut bilan yaqindan tanishish asnosida ustozlaridan kredit ta’limi bo‘yicha saboq olishadi.




