Andijon davlat tibbiyot institutining X.Nigmatshaeva rahbarligidagi 2 – akusherlik va ginekologiya kafedrasida Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus yo‘nalishlarini namoyon etuvchi ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Ko‘rik-tanlov asosida o‘tkazilgan tadbirni kafedra professori To‘xtaxon Muhiddinova ochib, barcha ishtirokchilarga omad tiladi.
Tadbir qizg‘in ko‘tarinki ruhda boshlandi. 2 –kurs klinik ordinatorlardan iborat – “Tashabbuskor”, 1 – kurs magistratura yo‘nalishi talabalaridan iborat “Tashabbus”, 1 – kurs klinik ordinatorlardan iborat “Shifokor” guruhlari o‘zaro bellashdilar.
Besh tashabbusning musiqa rassomlik, adabiyot, teatr va yoshlarni jismoniy chiniqtirish, sport turlariga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, kompyuter savodxonligi va internetdan samarali foydalanish, shuningdek, kitobxonlik va xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash yo‘nalishlari to‘la-to‘kis aks etgan ko‘rinishlarda kafedrada tahsil olayotgan klinik ordinator va magistrlar tanishtiruv, badiiy o‘qish, teatr, shashka, kitobxonlik, pazandalik va kompyuter texnologiyalari bo‘yicha bilim va mahoratlar tanlovlarida o‘zlarining iqtidorlarini namoyish etdilar.
Talabalarning har bir chiqishlari hakamlar xay’ati tomonidan odilona baholanib borildi va barcha ishtirokchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Tashabbus tanlovi tadbirini kafedrada tahsil olayotgan davolash fakultetining 6 – bosqich talabalari miriqib tomosha qildilar. Tanlov davomida jozibali raqs va kuy-qo‘shiqlar yangradi.
Tadbir nihoyasida tanlov xay’ati a’zolari professor T.Muhiddinova, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi uslubchisi R.Usmonova, “Tibbiyot gulshani” gazetasi muharriri R.Hayitboeva, ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi dotsenti B.Botirova, magistratura bo‘limi mas’uli B.Tursunov, klinik ordinatura yo‘nalishi mas’uli G.To‘raeva, magistratura yo‘nalishi moderatori O.Yuldasheva va 1 – tug‘ruq kompleksi shifokorlari o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Avvalo tadbir tashkilotchilari – kafedra xodimlariga samimiy e’tirof va bo‘lajak akusher-ginekologlarga ezgu tilaklar bildirildi. Kafedra mudiri X.Nigmatsheva bunday tadbirlar davomiy bo‘lishini aytib, unda har bir talaba yanada faollik ko‘rsatishiga ishonch bildirdi.
R.Hayitboeva.
“Tibbiyot gushani” gazetasi muharriri