2019- yil 25-aprel kuni Andijon davlat tibbiyot instituti ilmiy kengashlar zalida an’anaviy xalqaro ilmiy amaliy videokonferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Anjumanda respublikamizdagi 10 ga yaqin oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan iqtidorli, izlanuvchan talabalari hamda yosh olimlari ishtirok etdilar. Anjuman dasturidan 40 dan ziyod taqdimot ma’ruzalari o‘rin oldi. To‘plamga esa 800 dan ortiq tezis kiritildi.
Anjuman ishini ADTI rektori, professor M.Madazimov ochib, institutda erishilgan yutuqlar, muvaffaqiyatlarda yosh olim va tadqiqotchi talabalarning izlanishlari katta ekanligini alohida ta’kidlab, barcha ishtirokchilarga omad va zafarlar tiladi. Tibbiyotning eng katta vazifasi inson salomatligini mustahkamlashga qaratilganligi, shuningdek, xayrli faoliyatga kirishgan yoshlarga va konferensiyaga tashrif buyurgan barcha mehmonlarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
– Bu yilgi konferensiya har yilgidan faolroq, qamrovi jihatidan kengroq va ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Yoshlarimizning ilmiy izlanishlari va innovatsion yangiliklarini yuksak baholayman – dedi ADTI ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, professor G‘.Hodjimatov.
Anjuman tibbiyotning dolzarb va o‘ta muhim muammolarini hal etishga qaratilgan bo‘lib, talaba yoshlar o‘rtasida qizg‘in fikr-mulohazalar yuritish, tajriba almashish, o‘zaro hamkorlik qilish, ilmiy izlanish va yangiliklarga oshno bo‘lish imkonini berganligi bilan ahamiyatlidir.
Anjuman ishini yosh olimlar kengashi faollari, iqtidorli talabalar kasb ta’lim yo‘nalishi talabalari Ilyosmirzo Ziyaev, Durdona Zaynobiddinova va pediatriya talabasi Qobiljon Sobirovlar olib bordilar.
Shunigdek konferensiyada Harkov milliy tibbiyot universiteti talabalari D.Skoriy va M.Gulyayevalar ham ishtirok etib, onlayn ma’ruza qildilar.
Dasturda belgilangan dolzarb va qiziqarli ma’ruzalardan so‘ng, qizg‘in savol-javob, erkin fikr va mulohazalarga keng e’tibor qaratildi. Maqsad esa, mamlakatimiz aholisiga sifatli, zamonaviy va samarali tibbiy xizmat ko‘rsatishda malaka va bilimlarni oshirish bo‘ldi.
– Javohir Soliev – Toshkent tibbiyot akademiyasi magistratura yo‘nalishi 1-bosqich talabasi:
– Bugungi konferensiyada qatnashayotganligimdan, ma’ruzam bilan ishtirokimdan g‘oyat xursandman. Men TTA da urologiya yo‘nalishida tahsil olmoqdaman. Ustozim t.f.d. ,professor U.A.Xudoybergenov rahbarligida “Buyrak-tosh kasalliklarini masofadan turib zamonaviy davolash” mavzusida ilmiy ish boshladik. Shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy markazida bepushtlik va jinsiy muammolar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot va tajribalarni o‘rganib boryapman. Kelgusida xalqimizga sifatli va zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘z hissamizni qo‘shamiz.
– Shodmonov Ahror – Toshkent davlat stomatologiya instituti magistratura yo‘nalishi talabasi:
– Konferensiya juda qizg‘in va sermazmun o‘tdi. O‘z tengdoshlarimiz, bo‘lajak hamkasblarimiz bilan tibbiyotning dolzarb muammolari haqida fikr almashdik. Men stomatologiyada dentaplantatsiyani keng taraqqiy ettirib, aholiga sifatli xizmatni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilganman. Bugungi kunda sohada nafaqat tishlarning funksional holatini, balki kosmetik jihatdan sifatini yaxshilash ham muhim talab. Bu borada o‘z izlanishlarimni yuzaga chiqarmoqchiman.
– Muqimov Odiljon – Toshkent davlat stomatologiya instituti assistenti:
– Konferensiyadagi ko‘tarinki ruh, samimiy va do‘stona munosabatdan g‘oyat mamnun bo‘ldik. Bu dargohdagi sog‘lom raqobat, yoshlarning xorijiy tillarda erkin va ravon ma’ruza qilishlari, o‘zaro savol-javoblari bizni yanada xayratlantirdi. O‘ylaymanki, bunday konferensiyalar yosh izlanuvchanlarni chuqur izlanishga, chet tillarni o‘rganishga chorlab, yangi iste’dodlarni yuzaga chiqaradi.
Konferensiya yakunida xay’at a’zolari o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, g‘olib va faollarni e’lon qildi. Eshitilgan ma’ruzalar orasidan ADTI davolash fakulteti 5 – bosqich talabasi Sh, Abdullaev faxrli 1- o‘rinni, Toshkent tibbiyot akademiyasi magistratura yo‘nalishi talabasi J.Soliev 2 -, Toshkent davlat stomatologiya instituti talabasi D.Isanova esa, 3- o‘rinlarga sazovor bo‘ldilar.
“Eng yosh olim” nominatsiyasi bo‘yicha ADTI talabasi J.Qobilov, “Eng iqtidorli yosh olim” nominatsiyasi bo‘yicha TDSI magistratura yo‘nalishi talabasi A.Shodmonov, “Eng yaxshi mustaqil ish” nominatsiyasi bo‘yicha Samarqand davlat tibbiyot instituti talabasi L.Shamsiyevalar g‘olib bo‘ldilar. Barcha g‘olib va ishtirokchilarga diplomlar, qimmatbaho sovg‘alar va sertifikatlar topshirildi.
Konferensiya ishtirokchilaridan olingan intervyu va muloqotlarda iliq taassurotlar va fikrlar bildirilib, anjuman yuqori ilmiy ruhda o‘tganligi alohida e’tirof etildi.