alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

Andijon davlat tibbiyot instituti bitiruvchisi OSLO universitetida PhD dissertatsiyasini himoya qildi.

10:11 24.12.2020

Andijon davlat tibbiyot institutining sobiq talabasi Bekzod Olimovich Toshboyev dunyoning  “Top 100” taligiga kiruvchi  OSLO Universitetida Oftalmologiya yuo‘nalishida “Quruq ko’z kasalligi va kserostomiyaning diagnostik biomarkerlari” mavzusida  PhD dissertatsiyasini himoya qildi.
Erishgan yutug‘i haqida Bekzodbek Toshboyevning o‘zi shunday yozadi:
“Va nihoyat ohirgi 3 yillik mehnatdan so‘ng ilmiy ishim yakuniga yetdi va Oslo universitetida PhD (tibbiyot fanlari doktori) ilmiy darajasiga erishdim. Bunga benihoyat shukurlar bo‘lsin.
Hisobimga ko‘ra bu ilmiy ish uchun 1000 dan ortiq bemorlarni tekshiribman, ilmiy izlanishlar natijasi haqida yozgan maqolalarim 4000 varaqdan ko‘p, hamkasblarim bilan 6000 dan ko‘p Email almashinuvlari bo‘ldi. 30 ta taqrizchi tanqidlariga ilmiy javob berdim. Bular hammasi uchun necha soat sarflaganimni aniq bilmayman.
PhD ni qanday boshlaganim tarixini qisqacha yozmoqchiman. Chunki bu haqida ko‘pchilik qiziqib so‘raydi. Yevropa davlatlarida ishlamoqchi bo‘lganlar ko‘p.
Men 2015-yili Norvegiyaga kelganimda menda na ilmiy mavqe, na shifokor degan maqom bor edi. Pul topish uchun, oila boqish uchun turli hil ishlar qilishga majbur bo‘lgandim.
2015-yili bir taniqli oftalmolog-professor oldiga men ilmiy ish qilmoqchiman deb borsam, meni kim ekanligim haqida so‘rab-surishtirdi va oftalmologiya sohasida hech qanday ilmiy tajribam bo‘lmaganini eshitib, miyig‘ida kuldi. Agar PhD darajasi uchun ilmiy ish qilmoqchi bo‘lsam, avval PhD dasturiga qabul qilinishim kerakligini aytdi. Dasturga kirish uchun bo‘ladigan raqobat haqida gapirib o‘tdi. PhD dasturiga qabul qilinishim uchun avval kamida 1 yil ilmiy izlanish qilishim kerakligi va natija ko‘rsata olishim kerakligini aytdi.
Kunduzi universitetda magistraturada o‘qidim va bir vaqt o‘zida xalqaro talablarga javob beradigan ilmiy ish qanday qilinish kerakligi haqida o‘rgandim, statistikani o‘rgandim, menga berilgan har qanday topshiriqni sidqidil bilan bajardim. Vazifalar qiyin bo‘ldi, lekin men chekinmadim. Tunda barda sotuvchi bo‘lib ishladim. Butun 2016-yil ana shunday o‘tdi.
2017-yil boshida dastur talablariga to‘liq javob berib, raqobatdan o‘ta oldim va Oslo universitetida PhD dasturida rasman ishlay boshladim. Endi PhD oyligi yetar edi va barlarda ishlashga hojat yo‘q edi. Ikkinchi vazifa shifokorlik qilish uchun litsenziya olish va O‘zbekistonda oftalmolog degan mutahassislikka ega bo‘lsamda, bu yerda mutahassislikni boshidan qilishim kerakligi bor edi. Bu uchun norveg tilini o‘rganish va tibbiy bilimlarim Norvegiyadagi shifokorlardan qolishmasligini isbotlashim kerak edi. Endi bir vaqtda ham PhD dasturida to‘liq ishlash, norveg tilini o‘rganish, tibbiyot bo‘yicha imtihon topshirish va hokazo vazifalar bor edi. Shifokor sifatida tan olinish uchun nimalar qilishimga to‘g‘ri kelganligi bu alohida mavzu.

Bu faqat boshlanishi. Yaratgan maqsad qo‘yib, mehnat qilishimga madad berishiga ishonaman.
Buni nega yozyapman? Chunki bunday maqsadlarga erishishni hohlovchilar ko‘p, afsuski, maqsad qo‘yib mehnat qiluvchilar kam. Komfort zonadan chiqishni hohlamaydiganlar ko‘p. Men hozirgacha suhbatlashgan yoshlardagi muammo shuki, birdaniga oxirini o‘ylashadi. Birdaniga PhD darajasiga erishishni, birdaniga Germaniyada neyroxirurg bo‘lishni yoki Shvetsiyada oftalmoxirurg bo‘lish haqida o‘ylashadi. Bunga erishishda nimalar qilish kerakligi haqida barcha mayda detallarni bilishni hohlashadi. Birinchi qadamni qo‘yishni esa ko‘pchilik hohlamaydi. Eng birinchi qadam bu til o‘rganish. Agar men ingliz tilini bilmaganimda, bugun himoya davomida Yevropada oftalmologiya sohasidagi taniqli professor o‘z ilmiy ishini qanday qilishi kerakligi haqida mening fikrimni so‘ramagan bo‘lar edi. Karantin tufayli himoya Zoom orqali bo’ldi.

Komfort zona haqida yana bir gap. Odatda himoyadan keyin ilmiy darajaga erishganlikni nishonlash uchun banket qilinadi. Men banket o‘rniga himoya tugashi bilan yarim marafon masofada yugurishga chiqib ketdim. Zambiyalik do‘stim bilan kechki Stokgolmda 21,5 km masofada yugurib keldik.
Deyarli har qanday maqsadga erishish mumkin. Bu uchun talab etiladigan narsa – komfort zonadan chiqish, maqsad sari birinchi qadamni qo‘yish va maqsadga erishishmaguncha tinmay mehnat qilish.

Bek Olimjon

Andijon davlat tibbiyot instituti jamoasi nomidan institutning sobik talabasi Bekzod Olimovich Toshboyevga bundanda ulkan zafarlar tilaymiz. Biz ishonamizki, institutimizning har bir talabasi  o‘qish, izlanish, maqsad sari intilish borasida Bekzoddan ibrat oladi.

ADTI oftalmologiya kafedrasi

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!