ANDIJON DAVLAT TIBBIYOT INSTITUTIDA 8-MART – AYOLLARGA EHTIROM VA E’TIBOR BAYRAMI – Andijon davlat tibbiyot instituti
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

ANDIJON DAVLAT TIBBIYOT INSTITUTIDA 8-MART – AYOLLARGA EHTIROM VA E’TIBOR BAYRAMI

12:57 06.03.2026

Bahorning ilk kunlari bilan kirib keladigan 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami yurtimizda har doim alohida mehr va ehtirom bilan nishonlanadi. Ushbu sana ayollarning jamiyatdagi o‘rni, ularning fidoyiligi, mehr-muhabbati hamda ilm-fan va taraqqiyotga qo‘shayotgan ulkan hissasini e’tirof etish kunidir. Andijon davlat tibbiyot institutida ham ushbu bayram katta shodiyona va ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.

Dastlab institut rektorining buyrug‘iga asosan institutda faoliyat olib borayotgan 567 nafar ayol-qizlar pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Shuningdek, 201 nafar xotin-qizlarga bayram sovg‘alari topshirildi. Bu e’tibor ayollarning mehnati, sabr-toqati va fidoyiligiga bo‘lgan yuksak hurmat ifodasidir.

Shundan so‘ng bayram tadbiri tantanali dastur bilan davom etdi. Tadbir avvalida institut rektori M.Madazimovning bayram tabrigini Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Salohiddinov o‘qib eshittirdi. Tabrik so‘zlarida ayollarga bo‘lgan ehtirom, ularning ilm-fan, ta’lim va jamiyat taraqqiyotidagi beqiyos o‘rni alohida ta’kidlandi. Darhaqiqat, ayol – mehr timsoli, hayotimizga fayz va baraka olib kiruvchi buyuk zotdir.

Bayram tabriklarini faxriy ustozlar O.Salohiddinov hamda Z.Salohiddinov davom ettirib, institut jamoasida faoliyat yuritayotgan ayollarning bilimli, matonatli va fidoyi ekanini alohida e’tirof etdilar. Ular ayollarni jamiyat ravnaqi, kelajak avlod tarbiyasi va ilm-fan rivojidagi bebaho hissasi uchun samimiy qutladilar.

Tadbirning badiiy qismi esa barchaga yanada ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. O‘zbekiston milliy maqom ansambli markazi viloyat bo‘limining xushovoz xonandalari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar bayramga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Dilbar raqslar, samimiy tabriklar va quvonchli lahzalar tadbirga yig‘ilganlarning qalbida iliq taassurotlar qoldirdi.

Bu kabi e’tibor va ehtirom ayollarning jamiyatimizdagi o‘rni naqadar yuksak ekanini yana bir bor namoyon etadi. Zero, ayol – ona, ustoz, shifokor, olima va eng avvalo, hayotimizning eng katta ilhom manbaidir. Andijon davlat tibbiyot institutida faoliyat yuritayotgan ayollar ham o‘z bilimlari, mehnatsevarligi va fidoyiligi bilan nafaqat institut, balki jamiyatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqdalar.

8-mart bayrami ana shunday fidoyi, oqila va mehribon ayollarni ulug‘lash, ularga chuqur hurmat va minnatdorlik bildirish kunidir.

Skip to content