Andijon shahridagi “Yoshlar markazi”da viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan oliy ta’lim muassasalari rektorlari, professor-o‘qituvchilari ishtirokida Andijon viloyat hokimi Sh.Q.Abdurahmonov oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Muhokama markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan oliy ta’lim tashkilotlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish, ta’lim sifatini yanada yuqori bosqichga olib chiqish va ularni xalqaro reytinglarga kirishiga har tomonlama ko‘maklashish maqsadida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan oliy ta’lim muassasalarining Milliy reytingi bo‘ldi.
Joriy yil xalqaro tajribaga muvofiq takomillashtirilgan indikatorlar asosida respublikaning 57 ta oliy ta’lim muassasalari faoliyati tahlil qilindi va 2020-yil 1-yanvar holatiga ularning reyting natijalari tayyorlandi. Viloyat hokimi mazkur reytingda Andijon viloyati OTMlari quyi pog‘onalardan joy olganligi achinish bilan aytib o‘tdi.
Shuningdek, ilmiy ishlar saviyasi, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, mahoratli professor-o‘qituvchilarning boy tajribasini keng o‘rganish uchun “Ustoz-shogird” an’analarini davom ettirish, sohaga xorijiy investitsiyani jalb etish, yangiliklarni rag‘batlantirish kabi masalalar yuzasidan fikrlar bildirildi. Yig‘ilish davomida mavjud muammolar muhokama qilindi, dolzarb vazifalar belgilab olindi.
ADTI axborot xizmati