Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

Kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev raisligida maktab ta’limini isloh qilish bo‘yicha yil boshida belgilangan topshiriqlar ijrosi, yil yakuniga qadar ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

11:03 06.04.2022

Dastaaval sohadagi ishlar ahvoli qoniqarsizligi uchun viloyat va tuman hokimlari keskin tanqid qilindi. Shundan so‘ng Davlatimiz rahbari kelgusi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

Eng avvalo, maktab o‘qituvchilarini yangi metodika asosida qayta tayyorlash bo‘yicha umummilliy loyiha boshlanadi. Ushbu yangi tizim doirasida kelgusi 3-4 yilda maktablardagi barcha sinf o‘qituvchilari yangi metodika asosida o‘qitiladi. Buning uchun:

– 1-iyunga qadar har bir hududdagi Malaka oshirish markazlari negizida Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy ta’lim markazlari tashkil etiladi;

– ushbu markazlarga matematika, fizika, kimyo, biologiya, IT kabi aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha xorijdan eng malakali mutaxassislar jalb qilinadi;

– xorijiy mutaxassislar yordamida oliygoh, milliy ta’lim markazlari va mobil guruhlarning muallimlaridan iborat har bir viloyat kesimida “trenerlar guruhlari” shakllantiriladi;

– mazkur trenerlar esa joylarda maktab o‘qituvchilarining bevosita malakasini oshirib boradi. Ularning oylik ish haqiga 100 foizgacha ustamalar to‘lanadi. Umuman, yuqoridagi yangi tizimlarni joriy qilish uchun 100 million dollar qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltiriladi.

Avloniy instituti Respublika milliy ta’lim markazi sifatida qayta tashkil etiladi va Toshkent davlat pedagogika universiteti bilan yagona tizimga aylantiriladi. Umuman, yangi metodikalarga o‘qitish tizimi Milliy ta’lim markazi va Toshkent davlat pedagogika universitetidan boshlanadi. Universitet Xalq ta’limi vazirligi tarkibiga o‘tadi, maktab o‘qituvchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha respublikadagi tayanch muassasaga aylantiriladi. Hududlarda faoliyat yuritayotgan pedagogika oliygohlari bosqichma-bosqich universitetlar tarkibidan alohida ajratib chiqariladi va mustaqil ta’lim dargohiga aylantiriladi.

Yig‘ilishda o‘qituvchilarning o‘z ustida ishlashini rag‘batlantirish orqali ta’lim sifatini keskin oshirish mumkinligi alohida qayd etildi.

Bir oy muddatda “qizil” toifaga kirgan 1 ming 526 ta maktabni joyida o‘rganib, har biri bo‘yicha alohida yo‘l xaritalarini tasdiqlash vazifasi qo‘yildi.

Maktablarda ma’naviy muhitni tubdan yaxshilash bo‘yicha mutlaqo yangi konsepsiya ishlab chiqiladi. Unda:

– eng avvalo, o‘quvchilarda yoshligidan o‘zining mahallasi va qishlog‘i hayotiga befarq bo‘lmaslik hamda Vatanga muhabbat;

– oila, ota-ona va ustozlarga hurmat;

– ilm va bilim, harakat va intilish orqali katta marralarni egallash mumkinligini tushuntirish hamda zamonamiz qahramonlarining bosib o‘tgan yo‘llarini keng targ‘ib qilish nazarda tutilishi kerak.

Maktablardagi ma’naviyatchilarga talablarni qayta ko‘rib chiqib, bu lavozimga mahalla va jamoada obro‘si bor kadrlar bilan to‘ldirish kerakligi, maktablarda ilm va san’at vakillari, ziyoli va nuroniylar, ilg‘or tadbirkorlar, klaster va sanoat korxonalari rahbarlari bilan doimiy uchrashuvlarni tashkil qilish muhimligi ta’kidlandi.

Bunga ijtimoiy tarmoqlardagi maktab o‘quvchilari orasida obunachisi eng ko‘p bo‘lgan mashhur san’atkor, sportchi, aktyor, blogerlarni ham faol jalb qilish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Bundan tashqari, namunali o‘quvchining ota-onasiga minnatdorchilik xati va sovg‘alar topshirib borishni tizimli yo‘lga qo‘yish kerakligi, har chorakda eng namunali ota-onalarni rag‘batlantirib, ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish muhimligi aytildi.

Viloyat hokimlariga yuqori koeffitsientli 120 ta maktabda o‘qish sharoitini yaxshilash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash topshirildi.

Ular 1-avgustga qadar 960 ta maktabni kompyuter sinfi bilan ta’minlash, 740 tasini jihozlash ishlarini yakunlashi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Umuman, 5,5 mingta kompyuter sinflarini yangilash bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi.

Bunga respublika byudjetidan 200 milliard so‘m, mahalliy byudjetlardan ham 200 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Mutasaddilarga yangi o‘quv yilidan boshlab kichik maktablarda internet tezligini sekundiga 40 Megabit, katta maktablarda esa kamida 100 Megabit bo‘lishini ta’minlash, maktablar uchun alohida imtiyozli tariflarni tasdiqlash topshirildi.

Yig‘ilishda maktab direktorlariga nisbatan talab keskin kuchaytirilishi ta’kidlandi. Shu bois Xalq ta’limi vazirligiga 1-sentyabrdan boshlab maktab direktorlarini sertifikatlash tizimini joriy etish topshirildi. Bundan buyon direktorlikka nomzodlar ushbu tizim orqali tanlanadi.  Joylardagi haqiqiy holatni o‘rganish asosida 193 ta ta’lim muassasalari negizida tabiiy va aniq fanlarga ixtisoslashgan maktablarni tashkil etish takliflari ishlab chiqildi. Viloyat, shahar va tuman hokimlari 1 avgustga qadar o‘z hududidagi ushbu maktablarni ta’mirlash, zamonaviy jihozlash, yashash va ovqatlanish uchun sharoitlar yaratishga mas’ul etib belgilandi.

Umuman, yig‘ilishda belgilangan topshiriqlar bo‘yicha mas’ullar:

– har bir tumanga borib, tuman va shahar hokimlari bilan birga muammolarni o‘rganadi, yechimini topadi, maktab direktorlari va o‘qituvchilari bilan ishlarni tashkil etadi;

– maktablarda ta’lim sifati va shart-sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha tuman va shaharlarning reytingini joriy qiladi;

– yaxshi ishlagan tuman rahbarlarini mukofotlash, yomon ishlaganlarini esa ishdan olish bo‘yicha taklif kiritadi;

– viloyat hokimlari bilan birga har hafta Prezidentga axborot berib boradi.

Yig‘ilish yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning hisoboti tinglandi.

Skip to content Click to listen highlighted text!