Andijon davlat tibbiyot institutining mas’ullari tomonidan Marhamat tumanida yashovchi, qizil toifaga kiritilgan yoshlarning xonadonlarida uchrashuv, samimiy suhbatlar tashkil qilinmoqda.
Bugun, 26-iyul kuni bir guruh mas’ullar Marhamat tumani “Qovunchi” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 12 nafar yoshlar va ularning ota-onalari bilan uchrashdilar. Xonadonlarda bo‘lib o‘tgan suhbatlar davomida yoshlarning muammo va takliflari tinglandi, ularning sharoitidan xabar olindi.
Shuningdek, institut rektori ishtirokida o‘tkazilgan sayyor qabul jarayonida aytib o‘tilgan va hal etilgan muammolar yuzasidan yoshlarning fikrlari tinglandi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyat boshqarmasi tomonidan D.Rahimovaning to‘lov-shartnoma pulining 2.600.000 so‘m miqdoridagi qismi to‘lab berildi va H.Yo‘ldashevga bir martalik moddiy yordam taqdim etildi. Qolaversa, Hayotbek institut tomonidan berilgan yo‘llanma asosida Nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazida davolanib qaytdi.
O.Aqchilova hamda uning onasi Q.Aqchilova birgalikda “Chimyon” sihatgohida davolandi. Mahalla yoshlari va oila a’zolari ularning mavjud muammolari o‘z vaqtida ijobiy hal bo‘layotganligidan mamnunliklarini bildirdilar.