Dog‘iston Davlat tibbiyot universitetida stomatologiya va yuz-jag‘ jarrohligi bo‘yicha «Maksudov o‘qishlari» 3-xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Bu yilgi konferensiya DDTU stomatologiya fakulteti tashkil etilganining 60 yilligiga bag‘ishlandi.
Tadbirda Rossiya, O‘zbekiston va Belorussiyadan kelgan 300 ga yaqin ishtirokchilar, yetakchi olimlar, amaliyotchilar va mutaxassislar ishtirok etdi.


Anjumanni DDTU rektori, professor Visampasha Xanaliyev tabrik so‘zi bilan ochar ekan, konferensiyaning stomatologiya fani va amaliyotini rivojlantirishdagi ahamiyati va fakultetning yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashdagi hissasini taʼkidladi.
Konferensiya davomida stomatologiya, diagnostika va davolash usullari, terapevtik va jarrohlik stomatologiyasi, ortopediya va ortodontiya, bolalar stomatologiyasi, implantologiya va rekonstruktiv jarrohlikning innovatsion texnologiyalarini qamrab olgan yalpi majlislar, maʼruzalar, seminarlar va munozaralar bo‘lib o‘tdi. Anjuman doirasida DDTU xodimlari va faxriy mehmonlar sog‘liqni saqlash va tibbiy taʼlimni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun taqdirlandi.


Mazkur anjumanda Andijon davlat tibbiyot instituti Yuz-jag‘ jarrohligi kafedrasi mudiri t.f.d., dotsent M.Teshaboyev ham ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqli saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari A.Boboyev hamda ADTI rektori M.Madazimovning tabrigi va esdalik sovg‘alari va institutning ko‘krak nishonlarini topshirdi.
Konferensiya stomatologiya hamjamiyatida muhim voqea bo‘lib, ishtirokchilarga tajriba almashish, dolzarb masalalarni muhokama qilish va aholiga stomatologik yordam sifatini oshirish bo‘yicha yangi yondashuvlarni aniqlash imkonini berdi.

