Bugun, 7-may kuni Andijon davlat tibbiyot institutida “Nomingiz dillarda mangu barhayot” nomli xotira tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda prorektorlar, fakultetlar dekanlari, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdi. Tadbirda Bolalar jarrohligi kafedrasida uzoq yillar davomida ishlab ko‘plab shogirdlar yetishtirgan ustoz Rahimov Sultonboy Rahimovich xotirlandi.
S.Rahimov 1933 -yil 5-mayda Xorazm viloyatining Xazorasp tumanida tavallud topgan. Ustoz 1960-yili Andijon viloyat shifoxonasida xirurg lavozimida faoliyat boshlab tez orada bo‘lim mudiri etib tayinlandi hamda shu yili Andijon davlat tibbiyot instituti Umumiy jarrohlik kafedrasida assistent lavozimida ham faoliyat yurita boshladi. S.Rahimov amaliy tibbiyotdagi o‘z tajribalarini ilmiy asoslantirish va tibbiyot amaliyotiga kiritish borasida izlanishlar olib bordi. 1968-yili “Qorin bo‘shlig‘i aʼzolari operatsiyalaridan keyingi buyraklar funksional holati” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. S.Rahimovga 1983-yili 50 yoshida professor unvoni berildi.
S.Rahimov 1995-yildan umrini oxirigacha Akademik V.V.Voxidov nomli respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi qoshidagi ilmiy kengash a’zosi bo‘lgan.
O‘z ishiga sodiq ustoz, mohir jarroh, olim S.Raximov Farg‘ona vodiysida Bolalar jarrohligini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan. Bolalar jarrohlarining o‘ziga xos maktabini yaratdi. Farg‘ona vodiysi va qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasi Bolalar jarrohlari ilmiy jamiyatini tashkil qildi va bu jamiyat hozirgi kunda ham faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ustoz yaratgan katta maktabni hozirda uning shogirdlari munosib davom ettirib kelmoqda.
Ustozning xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirni Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Salohiddinov kirish so‘zi bilan ochib, ustozning yorqin xotirasini yodga oldi.
Shundan so‘ng, Bolalar jarrohligi kafedrasi mudiri B.Mirzakarimov S.Rahimovning hayoti va faoliyati haqida ma’lumotlar berdi. Videoroliklar taqdim etildi. Tadbir davomida S.Rahimovning do‘stlari, shogirdlari va oila a’zolari so‘z olib, ustozning ibratli va mazmunli hayoti, faoliyati davomida amalga oshirgan yaxshiliklari va insoniylik fazilatlari haqida so‘z yuritildi.
Tadbir davomida shogirdlar tomonidan ustozning oila a’zolariga esdalik sovg‘alari topshirildi.