Talabalar turar joyi yoshlar uchun qadrdon maskan. Talabalikning eng yorqin lahzalari ham shu yerda o‘tadi. Yoshlarning maroqli zavq olishlari va darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishlari uchun Andijon davlat tibbiyot instituti Talabalar turar joyida barcha imkoniyatlar yaratilgan.


«Rektorning bir kuni» loyihasi doirasida rektor M.Madazimov Talabalar turar joyidagi talabalarning yashash sharoitlarini oʻrgandi. Ular bilan uchrashib, samimiy suhbat olib bordi. Bu esa yoshlarga katta xursandchilik ulashdi.

Dastavval rektor sportsevar yoshlar bilan ko‘rishdi. Mini futbol, stol tennisi, voleybol sport bellashuvlarini olib borayotgan talabalarning oʻyinlarini kuzatdi. Shuningdek, trenajyor mashgʻulotlarida ham boʻldi. Ular bilan sportda kuch sinashdi.
Navbatdagi uchrashuv ijodkor talabalar qurshovida bo‘ldi. Musiqa, rassomchilik ishqibozlari o‘z san’at asarlarini namoyish etdilar. Pazanda qizlar esa osh chempionatini tashkil etib, barchani mehmon qilishdi.


– Iqtidorli yoshlar bilan suhbat qilishni yaxshi ko‘raman. Ularning ijod mahsuli meni doim ilhomlantiradi. Shijoatingiz so‘nmasin, aziz, talabalar!- dedi rektor.
Shundan soʻng talabalar bilan suhbat olib borildi. Unda talabalarga bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishlari, buning uchun institut Axborot resurs markazida ko‘plab kitoblar mavjudligi, Talabalar turar joyida ko‘plab to‘garaklar faoliyat yuritayotganligi, Simulyatsiya markazida nazariy bilimlarini amaliyotda mustahklash imkoniyatlari mavjudligi haqida so‘z yuritildi.


Yoshlarning bilimlarini doimiy tarzda boyitib borish kelajakda sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishlarida katta ahamiyatga ega ekanligini aytib o‘tildi. Shuningdek, giyohvandlik va narkojinoyatlar kabi salbiy illatlar taʼsiriga tushib qolmaslik, ekologiyani asrash, tabiatni muhofaza qilish, chiqindilarni maxsus chiqindi idishlariga tashlash, kuz-qish mavsumida texnika qoidalariga rioya qilish kerakligi ham alohida taʼkidlab oʻtildi.
Uchrashuvdan soʻng institut rektori turar joy issiqlik tizimini oʻrgandi. Masʼullarga bu borada kerakli topshiriqlarni berdi.

