Andijon davlat tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari tomonidan Andijon shahridagi 8-oilaviy poliklinikada chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil qilindi.
Unda nervpatolog, dermatolog, kardiolog, narkolog, urolog, travmatolog, UTT mutaxassisi tomonidan poliklinikaga murojaat bilan kelgan bemorlar chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi. Tibbiy ko‘riklarda 121 nafar aholi vakillari ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning 4 nafariga viloyat tibbiyot birlashmasiga yo‘llanma berildi. Salomatlik tadbirlari dars va amaliy mashg‘ulot jarayonlariga ham ulanib ketdi.
Institut talabalaridan tarkib topgan “Volontyorlar” jamoasi tomonidan aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi, sog‘lom ovqatlanish tartibi hamda birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha aholining tibbiy madaniyatini oshirish yuzasidan mahorat darslari o‘tkazildi.
Shuningdek, ko‘ngilli yoshlar 8-poliklinika hududidagi mahallalarda yashovchi aholi vakillarining xonadonlarida hamda 38-davlat maktabgacha ta’lim muassasasida sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotini o‘tkazdilar. Qatnashchilarga foydali tavsiyalar joy olgan buklet va flayerlar tarqatdilar.