Inson umrining go‘zal fasli – bolalikni azal-azaldan bobo-yu momolarimiz bahorga, borliqni yashnatib, ko‘zni quvontiradigan Navro‘z ayyomiga qiyoslashadi. Oilaning kurtagi –farzandning dunyoga kelishi ham bahorni, Navro‘zni eslatmaydimi? Bahor, Navro‘zi olam bilan tabiat uyg‘onib, borliq yangilansa, farzand bilan yangi nasl, yangi ong, yangi go‘zallik vujudga keladi. Xalqimizning qon-qoniga singgan urf-odatlar ham tabiat bilan uyg‘unlashadi.
Bugun Andijon shahar “Shifokor” MFYda ham bahor nashidasi, bayram hukm surmoqda. Mahalla faollari, mahalla ahli bahoriy taom – sumalakni katta dosh qozonga solib, tantanalarni boshlab yuborishdi. Shu bilan birga, mazkur mahallada yashovchi kam ta’minlangan oilalarning 5 nafar bolajonlarining sunnat to‘ylari ham o‘tkazildi. Xorijiy tillar kafedrasining professor-o‘qituvchilari ham o‘z sovg‘a-salomlari bilan ularning xursandchiligiga sherik bo‘lishdi.