Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

YANGI O‘ZBEKISTONNI YAKDILLIKDA, BIRGA QURAMIZ!

14:25 04.07.2022

O‘zbekiston bag‘rikeng diyor. Barcha millat vakillari azaldan ahil-inoq bo‘lib yashab kelmoqda. Taraqqiyot sari dadil intilayotgan yurtimizdagi tinchlik, totuvlik dunyo hamjamiyatida havas uyg‘otadi. Afsuski, buni ko‘rolmaydigan ayrim g‘alamislar ham bor ekanki, ular qabih niyatda osoyishta va tinch-totuv hayotimizga rahna solishga urinishyapti.

Kuni kecha Nukus shahrida yuzaga kelgan nohush vaziyat buni yana bir namoyon etdi. Butun xalqimiz qatori shaxsan o‘zim va jamoamiz ahli bu voqelikni chuqur dard va iztirob bilan qabul qildik. Prezidentimiz bu sinovni og‘ir-bosiqlik, ahillik bilan ortda qoldirish kerakligini ta’kidlaganlari e’tiborga molik.

Muhtaram Prezidentimiz, davlatimiz Qoraqalpoq elining, yurtining ravnaqi uchun tinmay qayg‘urmoqda, g‘amxo‘rliklar ko‘rsatmoqda, aql bovar qilmas asriy loyihalar amalga oshirilmoqda.

Qoraqolpog‘istonning Kegeyli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Andijon viloyatiga biriktirilganligini xayrixohlik bilan qarshiladik. U yerda qisqa fursatda keng ko‘lamli obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlari jadal amalga oshirildi. Bunda qoraqolpoq xalqi ham tengma-teng mazkur jarayonda ishtirok etdi.

Andijon davlat tibbiyot instituti jamoasi ham ushbu hududda aholi o‘rtasida sog‘lomlashtirish, davolash, tibbiy profilaktika borasidagi xayrli ishlarga o‘z ulushini qo‘shdilar 6 nafar mutaxassisimiz tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar o‘tkazildi. Ko‘ruvlar davomida jami 784 nafar bemorning salomatligi tekshirildi. Tuman sharoitida 27 ta murakkab jarrohlik amaliyoti, jumladan bir necha yillardan beri dard bilan olishgan 3 nafar bemorda ko‘krak qafasi deformatsiyasi, 2 nafar bemor bolajonda qorin bo‘shlig‘i, 14 nafar bemorda teri rekonstruktiv, 2 nafar bemorda abdominal, 4 nafar bemorda LOR, 2 nafar bemorda shoshilinch xirurgik operatsiya o‘tkazildi.

Andijon viloyati va Qoraqolpoq aholisi hamda yoshlari bilan o‘tkazilgan gala konsertda shaxsan o‘zim ham ishtirok etdim. Ta’lim sohasida faoliyat olib borganim bois ko‘proq yoshlar, ya’ni talabalar bilan suhbatda bo‘ldim. Ularning shijoati, dunyoqarashi, tashabbuslari, loyihalari meni to‘lqinlantirib yubordi. Bu yerdagi ravon ko‘chalar, osmono‘par binolar, ko‘rkam maskanlarni ko‘rib quvonasan kishi. Mehmondo‘stlik an’analari ham bizni qoyil qoldirdi.

Bir so‘z bilan aytganda, xushmuomala, shirinso‘z, tanti va olijanob Qoraqolpoq ahliga doimo hurmatda bo‘lganmiz. Avlodlar osha har qanday yaxshi va yomon kunlarda ikki xalq doimo birga va hamnafas. O‘zbek va qoraqalpoq xalqlarining birligiga, og‘izbirchiligiga asoslangan muqaddas qadriyatlarni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab yashashiga ishonchimiz komil.

Ezgulik an’analariga sodiq qolgan holda o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari hamisha birga va  bir maqsadda Yangi O‘zbekistonni birga quramiz!

Madamin Madazimov,

Andijon davlat tibbiyot instituti rektori

Skip to content Click to listen highlighted text!