2019- yil 21- may kuni Andijon davlat tibbiyot instituti kengashlar zalida viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning talaba-yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv chog‘ida viloyatimiz rahbari har sohada Andijonda olib borilayotgan izchil islohotlar, o‘zgarishlar, yangiliklar xususida gapirib, 2 ta muhim masala – Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbus ijrosi hamda Oila masalalariga alohida to‘xtaldi.
Jumladan, oilaviy munosabatlar, oilani mustahkamlash, aholini uy-joy bilan ta’minlash, yoshlarni oilaga tayyorlash, to‘y marosimlari, shar’iy nikoh va qizlarni erta turmushga berish oqibatlari, oiladagi tarbiya, mehr-oqibat, kitobxonlik va mutolaa madaniyati, turli sohalardagi yangi zamonaviy texnologiyalar, aholini ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta’minlash kabi bir qator masalalar to‘g‘risida gapirib o’tdi. Bu boradagi ishlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, 5 ta muhim tashabbus ijrosi bo‘yicha Andijonni namuna qilib ko‘rsatishda yoshlarimiz yanada tashabbuskor, g‘ayrat-shijoatli, o‘z ustida tinimsiz ishlaydigan, intiluvchan va izlanuvchan bo‘lishlari lozimligini ta’kidladi. Har bir inson o‘z vatanini chin dildan sevishi, o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtga mehrli va sadoqatli bo‘lishi, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga yuksak bilimi, halol mehnati va tinimsiz harakati bilan erishishi kerakligini aytib o‘tdi. Viloyat hokimi talabalar bilan ochiq va do‘stona muloqotda bo‘lib, ularning yuqoridagi masalalar yuzasidan fikr-mulohazalari bilan qiziqdi.
Uchrashuvda Oliy hamshiralik ishi yo‘nalishi talabasi M.Umarxo‘jaeva so‘zga chiqib, davlatimiz, viloyat hokimligi va institut rahbariyati tomonidan yoshlarga berilayotgan yuksak e’tibor, yaratilgan shart-sharoitlar, imkoniyatlar xususida to’xtalib o’di. Shuningdek, viloyat hokimligining amaliy ko‘magi bilan uning mualliflik kitobi chop etilayotganligini mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Tadbirda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori H.Muxtorjonova va boshqa talabalar ham so‘zga chiqib, uchrashuv taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar hamda viloyatimiz rahbariga u bilan muloqot qilish imkoniyatini yaratib berganligi uchun minnatdorchilik bildirdilar.
Uchrashuv yakunida viloyat hokimi Sh.Abdurahmonov talabalar uchun yangi kitoblarni sovg‘a qildi va o‘zining samimiy tilaklarini bildirdi.