
Eng chekka hududlardagi tibbiyot muassasalarida ham malakali yosh kadrlarga talab yuqori. Hozirda Andijon davlat tibbiyot institutida 1208 nafar bitiruvchi bosqich talabalari mavjud bo‘lib, shundan 1000 nafardan ziyodi tibbiyot muassasalarida faoliyat olib borishmoqda.
Bugun, 11-fevral kuni viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Komiljon Komilov bitiruvchi bosqich talabalar bilan uchrashdi. Uchrashuvda Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Sh.Mamajonov, institut rektori M.Madazimov ishtirok etdi.
– Hozirda bitiruvchi bosqich talabalarining ko‘pi tibbiyot muassasalarida oilaviy shifokor, xatto bo‘lim mudiri lavozimida ishlashmoqda. Ham o‘qib, ham ishlash yoshlarning nazariy olgan bilimlarini yanada mustahkamlashi bilan bir qatorda daromad ham keltirmoqda. Bu esa talabalarning ham o‘qib, ham daromad topishlariga imkon yaratmoqda – dedi, hokim o‘rinbosari K.Komilov.
Uchrashuv davomida yoshlarga yurtimizda o‘qib-izlanish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning qobiliyatlarini qo‘llab-quvvatlash, bu esa yoshlardan faqat harakat va mas’uliyat talab etilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, suhbat davomida bitiruvchilarning taklif va mulohazalari ham tinglandi. Muammolar yechimi borasida mas’ullarga kerakli topshiriqlar berildi. Shu joyning o‘zidayoq 30 nafar talaba tibbiyot muassasasiga ishga qabul qilindi. Qolgan talabalarning ham bandligi bosqichma-bosqich tizimli amalga oshirilishi rejalashtirildi.