XALQARO E’TIROF SHARAFIGA BAYRAMONA TADBIR! – Andijon davlat tibbiyot instituti
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

XALQARO E’TIROF SHARAFIGA BAYRAMONA TADBIR!

14:34 20.02.2026

Xabaringiz bor, Andijon davlat tibbiyot instituti yana bir tarixiy yutuqqa erishdi. Institutning quyidagi magistratura mutaxassisliklari ta’lim dasturlari Qozog‘iston Respublikasining nufuzli ECAQA (The Euroasian Centre for Accreditation and Quality Assurance in Higher Education and Health Care) markazi tomonidan xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tkazildi:

🔹 Akusherlik va ginekologiya
🔹 Tibbiy radiologiya
🔹 Kardiologiya
🔹 Umumiy onkologiya
🔹 Umumiy xirurgiya

Bu yutuq – institut ta’lim tizimi xalqaro standartlarga to‘liq javob berishi, ilmiy salohiyat va pedagogik mahorat yuksak darajada ekanining yorqin isbotidir.

Bugun institut jamoasi ushbu quvonchli voqeani ko‘tarinki ruhda keng nishonladi. Bayramona tadbir tantanali ruhda boshlandi. Avvalida institut rektori M.Madazimov mazkur kafedralarning mudirlariga xalqaro akkreditatsiyadan o‘tganlik sertifikatlari tantanali ravishda topshirdi.

Rektor o‘z nutqida mazkur e’tirof institut ta’lim sifati, professor-o‘qituvchilar salohiyati va jamoaning fidokorona mehnatiga berilgan yuksak baho ekanini alohida ta’kidladi. Shuningdek, bu muvaffaqiyat kelgusida yanada ulkan marralarni zabt etish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.

Tadbir davomida Fakultet terapiya va kardiologiya kafedrasi mudiri M.Ahmedov so‘zga chiqib, xalqaro akkreditatsiya jarayonining ahamiyati, ta’lim sifatini oshirish borasidagi izchil islohotlar va kelgusidagi rejalar haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.

Bayram dasturi esa yanada ko‘tarinki ruhda davom etdi. Kuy-qo‘shiqlar yangradi, sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Institut talabalari va jamoasi tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar tadbirga o‘zgacha shukuh va fayz bag‘ishladi.

Ushbu tarixiy yutuq nafaqat institut jamoasi, balki butun viloyatimiz va mamlakatimiz tibbiyot ta’limi rivoji yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.

Andijon davlat tibbiyot instituti jamoasini yana bir bor ushbu ulkan muvaffaqiyat bilan muborakbod etamiz! Yangi zafarlar, yangi marralar sari dadil qadamlar davom etsin!

Skip to content