
Bugun, 27-mart kuni Xitoy Fanlar Akademiyasining Xinjiang fizika va kimyo ilmiy tekshiruv instituti direktori o’rinbisari professor Sun Zhang Wen boshchiligidagi delegatsiya Andijon davlat tibbiyot institutida bo‘ldi.
Delegatsiya a’zolari bilan Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov hamda Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektor F.Rasulov uchrashdi.
Hozirda ushbu institut bilan birgalikda O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi qoshidagi O.S.Sodiqov nomidagi Biorganik kimyo instituti hamda S.Yu.Yunusov nomidagi “O’simlik moddalalari kimyosi instituti”da 2 ta O’zbekiston-Xitoy qo’shma laboratoriyalari tashkil etilgan. Mazkur laboratoriya dorivor o’simliklardan biofaol moddalar ajratib olishga ixtisoslashgan.
Ma’lumot o‘rnida, Xitoy Fanlar Akademiyasining Xinjiang fizika va kimyo ilmiy tekshiruv instituti Xinjiangning Urumchi shahrida joylashgan. “Kamar va yoʻl” tashabbusi tomonidan qoʻllab-quvvatlangan Xitoy – Oʻzbekiston yangi dori vositalarini ishlab chiqish boʻyicha 1 ta milliy qoʻshma laboratoriya tashkil etilgan.
Shu o‘rinda, Andijon davlat tibbiyot instituti hamda Xitoy Fanlar Akademiyasining Xinjiang fizika va kimyo ilmiy tekshiruv instituti o‘rtasidagi hamkorlik ta’lim sifatini yanada mustahkamlash, amaliyot jarayonlarini kengaytiribgina qolmay, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi. Bugungi bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida ham har ikki tomon yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan muzokaralar olib bordilar.
Muzokaralardan so‘ng delegatsiya a’zolari institut faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Simulyatsiya markazida talabalarning sifatli bilim olishlari, nazariya va amaliyotni uyg‘un holda olib borishlariga guvoh bo‘ldilar.