Sog‘lom turmush tarziga rioya qilish va ertalabki badantarbiya bilan doimiy tarzda shug‘ullanish insonlarning ish unumdorligini oshirib, kun davomida tetiklik bag‘ishlaydi.
Prezidentimizning 2020-yil 30-oktabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash hamda o‘qituvchi va talabalar, aholi vakillari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, ularning jismoniy faolligini oshirish maqsadida Andijon davlat tibbiyot institutining malakali mutaxassislari tomonidan doimiy tarzda targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Bugun, 22-sentabr kuni Xo‘jaobod tumanidagi qator manzillarda institut professor-o‘qituvchilari va tuman tibbiyot birlashmasi mutaxassislari bilan hamkorlikda “Sog‘lomlashtirish tadbiri” hamda chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar o‘tkazildi.
Agrobankning Xo‘jaobod filiali, tumandagi 9-umumiy o‘rta ta’lim maktabi hamda 4-maktabgacha ta’lim muassassasida tashkil qilingan tibbiy ko‘riklarda 320 nafar aholi vakillari, o‘quvchilar, MTM tarbiyalanuvchilari ishtirok etdi. Ular endokrinolog, kardiolog, terapevt, ginekolog, bolalar urologi va jarrohi kabi mutaxassisliklarga ega bo‘lgan 18 nafar xodimlar tomonidan tekshirilib, kerakli tavsiyalar berildi. Qolaversa, qand kasalligini aniqlash bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazilib, ushbu kasallik alomatlari aniqlangan bemorlar ro‘yxati shakllantirildi.
Shuningdek, aholi vakillariga sog‘lom turmush tarziga rioya qilish, to‘g‘ri ovqatlanish, sport va badantarbiya mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanib borish ularning turli yuqumli kasalliklarga tez chalinishini oldini olishi haqida ham tushuntirish ishlari olib borildi. Barcha kishilar to‘g‘ri ovqatlanishlari uchun foydali mahsulotlar bilan tanishtirildi.