
Bugun, 20-iyun kuni Andijon davlat tibbiyot institutida xorijlik mutaxassis ishtirokida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Institutning 1-akusherlik ginekologiya kafedrasi hamda Yeni Yuzyil universiteti hamkorligida tashkil etilgan ushbu anjumanda institut professor-o‘qituvchilari, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyati yetuk akusher-ginekologlari, institut talabalari, magistrant, ordinatorlar ishtirok etdi.
Anjumanni institutning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori K.Salohiddinov kirish so‘zi bilan ochib berdi va institut rektori M.Madazimovning anjuman qatnashchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Konferensiyani 1-akusherlik ginekologiya kafedrasi mudiri D.Asranqulova boshqarib bordi.
Mazkur anjumanning bosh ma’ruzachisi Turkiya Respublikasi Istanbul shahridagi Kanuni Sulton Sulaymon o‘quv-tadqiqot shifoxonasi professori Pinar Yalchin Baxmal bo‘ldi. U Turkiya ginekologiya va akusherlik jamiyati, Turkiya reproduktiv salomatlik va bepushtlik assotsiatsiyasi, Ginekologik endoskopiya assotsiatsiyasi, Endometrioz va adenomiyoz assotsiatsiyasi, Yevropa inson reproduksiyasi va embriologiya jamiyatining a’zosi hisoblanadi.
Anjumanda ginekologiyadagi hozirda juda ham dolzarb bo‘lib borayotgan va ayollar o‘rtasida keng tarqalayotgan “Endometrioz og‘rig‘ini davolashning shaxsiylashtirilgan usullаri” mavzusida bo‘lib o‘tdi. Qatnashchilar mavzu doirasida o‘z bilimlarini yanada boyitdi. Savollarga xorijlik mutaxassis tomonidan batafsil javoblar berildi.
Mazkur tadbir “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun foydali bo‘ldi.