Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish va bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish, ularni sog‘lom turmush tarziga va jismoniy faollikka jalb qilish maqsadida Andijon davlat tibbiyot instituti tomonidan qator tadbirlar o‘tkazilib, sport va fan to‘garaklari doimiy faoliyat yuritmoqda.


Bugun, 25-iyul kuni loyiha doirasida institut rektori M.Madazimov viloyatimizning Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Xonobod tumanlarida yashovchi talabalar bilan uchrashdi. Muloqot onlayn va oflayn shaklda tashkil etildi.


So‘lim Xonobod shahrida o‘tkazilgan uchrashuv samimiy muloqot tarzida o‘tkazildi. Unda rektor talabalarning yozgi ta’tilni qay tarzda o‘tkazayotganliklari, “Dolzarb 90 kun” loyihasida qanchalik faol ishtirok etayotganliklari, amaliyot jarayonlari qay tarzda o‘tayotganligi bilan qiziqdi.



Talabalar yozgi ta’tildan unumli foydalangan holda bilimlarini yanada boyitayotganliklari va sport bilan doimiy tarzda shug‘ullangan holda sog‘lom turmush tarziga rioya qilayotganliklari haqida aytib o‘tdi.
Muloqot davomida bitiruvchilarni “Kelajakka qadam” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va loyiha haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, talabalarning murojaat va takliflari tinglanib, ular yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.


