Bugun, 10-yanvar kuni Andijon davlat tibbiyot institutida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan institutning Ijtimoiy gigiyena va sog‘liqni saqlashni boshqarish kafedrasi hamkorligida “Yangi O‘zbekiston armiyasi — mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” shiori ostida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Salohiddinov, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi v.v.b. Sh.Abdusamatov, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi G.Xolmatova, Andijon sharidagi harbiy qism safarbarlik chaqiruv rezervi batalyoni harbiy xizmatchisi O.Jo‘rayev, bir guruh faxriylar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi davlat Madhiyasi ijro etildi. Shundan so‘ng, institut rektori M.Madazimovning bayram munosabati bilan yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. Tantanada so‘z olganlar Vatan himoyasi muqaddas burch ekanligi unga bel bog‘lagan har bir yigit-qiz yuragidagi mardlik va jasoratni e’tirof etdi. Tadbir qatnashchilari va ular orqali barcha Vatan himoyachilarini bayram munosabati bilan samimiy qutladi.
Shuningdek, sana munosabati bilan tadbir davomida bir guruh faxriylar, soha fidoyilari tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bayram tadbirining badiiy qismida O‘zbekiston filarmoniyasining Andijon viloyati xonandalari tomonidan Vatanni madh etuvchi, diltortar taronalar ijro etildi.