
Bugun, 28-mart kuni Andijon davlat tibbiyot institutida yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida uchrashuv o‘tkazildi.
Unda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Farrux Giyasov, soha mutaxassislari hamda Andijon davlat tibbiyot instituti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor S.Salohiddinov ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining qo‘shma qaroriga asosan o‘tkazilgan mazkur yig‘ilishda talabalar bilan suhbat olib borildi. Qarorga asosan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari F.Giyasov yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida Andijon davlat tibbiyot institutiga biriktirilgan.
Suhbat davomida talabalarga bo‘sh vaqtlarni mazmunli tashkil etish, Yurtboshimiz tomonidan yaratib berilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanish, internet va ijtimoiy tarmoqlardagi asoslanmagan axborotlar ta’siriga tushib qolmaslik, ekstremizm, terrorizm va uyushgan jinoyatchilikning boshqa shakllaridan yiroq bo‘lish kabi mavzularda ma’lumotlar berib o‘tildi.
Tadbirdan so‘ng institutdagi ijtimoiy sharoiti og‘ir talabalar bilan sayyor qabul o‘tkazildi.