Kuni kecha Ko‘ksaroy qarorgohida mamlakatimiz rahbarining yoshlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ushbu muloqot yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning tadbirkorlik, ta’lim va innovatsion faoliyatini yanada kengaytirishga qaratilgan muhim tashabbus va qarorlar bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Ayniqsa, oliy ta’lim tizimi, bitiruvchilar bandligi, yoshlarni kasbga yo‘naltirish va tadbirkorlikka jalb etish borasida belgilangan vazifalar biz, ta’lim muassasalari rahbarlari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Institutimiz jamoasi belgilangan ustuvor yo‘nalishlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Yosh mutaxassislarni nafaqat malakali kadr sifatida tayyorlash, balki ularning munosib ish o‘rni bilan ta’minlanishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
2025/2026 o‘quv yilida institutimizni 1822 nafar bitiruvchi tamomlaydi. Bugungi kunga qadar ularning 872 nafari, ya’ni 48 foizi doimiy yashash hududlari bo‘yicha ishga joylashtirildi. Bu ko‘rsatkich yil yakuniga qadar yanada oshishi rejalashtirilgan.
Prezidentimiz tomonidan yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, imtiyozli kreditlar ajratish, “Kelajak tadbirkori”, “Mening birinchi kasbim” kabi dasturlarni amalga oshirish yuzasidan bildirilgan fikrlar oliy ta’lim muassasalari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Xususan, amaliyot jarayonida oylik stipendiya to‘lanishi, innovatsion startaplarga investitsiya kiritishga ruxsat berilishi, bitiruvchilarni o‘z biznesini boshlashga rag‘batlantirish kabi chora-tadbirlar yosh mutaxassislarning mustaqil faoliyat yuritishiga zamin yaratadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, institutimizda “Kelajakka qadam” dasturi doirasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirda 62 nafar bitiruvchi va yuqori kurs talabalarining tadbirkorlik faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ularga jami 3 milliard 685 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi. Natijada 90 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Bu raqamlar yoshlarimizning tashabbuskorligi, bilim va salohiyati yuksak ekanini tasdiqlaydi. Ayniqsa, tibbiyot sohasida xususiy klinikalar, diagnostik markazlar, laboratoriya xizmatlari kabi yo‘nalishlarda yoshlar tomonidan tashkil etilayotgan loyihalar aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Respublikamizda har payshanba kuni “Yoshlar kuni”ni joriy etish tashabbusi ta’lim muassasalari hayotida ham yangi bosqichni boshlab berdi. Shu munosabat bilan yoshlar bilan uchrashuvlar muntazam tashkil etilmoqda. Ochiq muloqotlar davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, ilmiy izlanishlar, startap g‘oyalar, ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha takliflarini bevosita rahbariyatga yetkazish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bu yoshlar bilan ishlashda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlaydi.
Shuningdek, “Yoshlar kuni” doirasida qator ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlari o‘tkaziladi. Talabalar o‘rtasida sport musobaqalari tashkil etilib, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan aksiyalar o‘tkazilmoqda. Yosh pedagoglarning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish, xalqaro loyihalarda ishtirokini kengaytirish doim e’tiborda.
Iqtidorli talabalar bilan uchrashuvlarda ularning ilmiy ishlanmalari, innovatsion g‘oyalari qo‘llab-quvvatlanib, amaliyotga tatbiq etish mexanizmlari belgilab olindi. Institutimizdagi ilmiy to‘garaklar, startap guruhlar va yosh olimlar kengashi faoliyati yanada jonlantirildi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar – bu xarajat emas, balki kelajakka yo‘naltirilgan eng samarali sarmoyadir. Oliy ta’lim muassasalari esa ana shu sarmoyaning eng muhim bo‘g‘ini hisoblanadi. Maqsadimiz – zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mustaqil fikrlay oladigan, tashabbuskor tibbiyot kadrlarini tayyorlash. Ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka yo‘naltirish hamda ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish ustuvor vazifamiz demakdir.
Madaminjon Madazimov,
Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor