Barcha sohalarda yoshlarning ilg‘or tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu esa sohalarda yangi innovatsion texnologiyalarni joriy etishda, ijtimoiy-siyosiy yo‘nalishlarning takomillashishida katta ahamiyat kasb etmoqda.


Mazkur mavzu doirasida bugun, 28-yanvar kuni respublika ishchi guruhi Andijon davlat tibbiyot institutida bo‘lib, talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Unda bugungi kunda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ularning tashabbus va takliflari Yangi O‘zbekistonni yanada yuksaltirishda muhim ekanligi, iqtidor va imkoniyatlar orqali jahon maydonida yuqori o‘rinlarni zabt etish, buning uchun esa yoshlardan intilish va shijoat kerakligi ta’kidlandi.


Ochiq muloqot teran fikrlar, yangicha tashabbuslar maydoniga aylandi. Talabalar o‘zlari ilgari surayotgan g‘oya va takliflarini bildirdilar. Yoshlarning ayni paytda amaliyotga tadbiq etilgan loyihalarining ahamiyati, tibbiyot sohasini rivojlantirishdagi o‘rni, jahon andozalariga xos, shu o‘rinda arzon va sifatli ekanligini namoyish etdilar. Ishchi guruh a’zolari yoshlarning intilish va shijoatlarini qo‘llab-quvvatladi.



