2019-yil 3-may kuni Andijon davlat tibbiyot institutida “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirni yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor P.Asxanov ochdi va olib bordi.
Davra suhbatida O‘zbekiston “Adolat” SDP Asaka tuman kengashi raisi va deputati M.Karimova so‘zga chiqib, oiladagi sog‘lom ma’naviy muhit, Nikoh shartnomasi, o‘smirlarni oilaga tayyorlash hamda bu borada olib borilayotgan targ‘ibot ishlarini Asaka tumani misolida gapirib o‘tdi.
“Oila” ilmiy-tadqiqot markazi Andijon shahar bo‘limi bosh mutaxassisi Z.Xolbekova o‘z ma’ruzasida oilaning muqaddasligi, oilaviy qadriyatlar, qizlar va yigitlar tarbiyasi, yoshlarni oilaga tayyorlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, FHDYo bo‘limlaridagi innovatsion markazlar faoliyati, shuningdek, hayotiy misollar asosida yoshlar o‘rtasidagi ajrimlarning sabablari, oqibatlari haqida kuyunib gapirdi.
Andijon shahar IIB hududiy profilaktika inspektori B.Abdullaev ham yosh oilalar o‘rtasidagi janjallar, noxush holatlar, ajrimlar xususida gapirdi. Yoshlarni avvalo ota-onalarni, ustozlarni doimo hurmat qilishga, sabrli bo‘lishga, bugungi kundagi shart-sharoitlardan, imkoniyatlardan unumli foydalanishga chaqirdi.
Davra suhbati ochiq-oshkora va qiziqarli tarzda o‘tdi. Tadbir ishtirokchilari tadbir davomida yangi ma’lumotlarga ega bo‘lishib, tegishli xulosa chiqarib oldilar.