Andijon davlat tibbit institutiga 2022-yil omadli va muvaffaqiyatli keldi. Bahor ayyomi arafasida Prezidentimiz tomonidan bir qator olima va har sohada ilgʻor ayol va qizlarga yuksak mukofotlar topshirildi. Ular orasida Davolash fakultetining kasbiy –taʼlim yoʻnalishi boʻyicha 6 –kurs talabasi Zaynobiddinova Durdonabegim Sarvarbek qizi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan hamda Klinik farmakologiya va tibbiy biotexnologiyalari kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Qurbonova Dilorom Ibroximjon qizi “Sogʻlom turmush” medali bilan taqdirlandi.
Hozirda Durdonabegim tibbiyot sohasining jarrohlik yoʻnalishi boʻyicha ilmiy tadqiqot olib bormoqda. Ilmiy izlanishlar natijasida 1 ta patent, 10 ta ratsionalizatorlik takliflari amalga oshirildi. Yil avvalida Durdonabegim Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasiga sazovor boʻldi. Dilorom Qurbonova esa 1992-yilda Andijon davlat tibbiyot institutini bitirib, shu dargohning ichki kasalliklar kafedrasida oʻz faoliyatini boshlagan. 2002-yildan boshlab viloyat narkologiya dispanserida oddiy vrach boʻlib ishlab, oʻz malakasini oshirdi va 2018-yili shu dispanser bosh shifokori lavozimiga tayinlandi. Ustozi Salohidddinov Zuxriddin Salohidddinovich ilmiy rahbarligi ostida esa tibbiyot fanlari nomzodligini yoqladi.
Bugun Ilmiy kengashlar zalida mukofot sohibalarini taqdirlash marosimi oʻtkazildi. Tadbirda institut rektori M.Madazimov, prorektorlar, Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi G.Xolmatova ishtirok etdi. Institut rektori tabrik davomida Davlatimiz rahbari tomonidan, ayniqsa ayol-qizlarga berilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik, ularni ijtimoiy, maʼnaviy, moddiy qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, Durdonabegim va Dilorom Qurbonovaning tibbiyot sohasi rivoji yoʻlida olib borayotgan faoliyatlari borasida soʻzlab, oʻz ustida izlanayotgan, harakatda boʻlayotgan har bir yosh albatta ragʻbatlanishi, mana shunday eʼtiroflarga sazovor boʻlishini alohida taʼkidlab oʻtdi.
Tadbirda ishtirok etgan mukofot egalarining ota-onalari, ustozlari ham ularning tashabbuskorligi va intilishlari haqida oʻrtoqlashdilar. Soʻz olgan Durdonabegim va Dilorom Qurbonova esa yuksak mukofotni shaxsan Prezidentimiz tomonidan olganliklari, qalb izhorlari va minnatdorliklarini bildirdilar.
Tadbir koʻtarinki ruhda oʻtdi. Talabalar ham mana shunday katta marralarga erishishni niyat qildilar.