Andijon davlat tibbiyot institutida “Yuqumli kasalliklar muammolari, jigar va o‘t yo‘llari kasalliklari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Andijon shahridagi muhtasham “Biznes-hamkor” markazida o‘tkazilgan anjumanda ADTI klinikasi, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi, respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filiali. Andijon davlat tibbiyot instituti magistrlari, klinik ordinatorlari, viloyatimiz shahar. tumanlari infeksionistlari, pediatr va umumiy amaliyot shifokorlari ishtirok etdilar.
Mamlakatimizda tibbiyot sohasida olib borilayotgan izchil islohotlar natijasida respublikamizda yuqumli kasalliklar bo‘yicha epidemik vaziyatning barqarorligi ta’minlanmoqda. Jumladan, karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar, poliomiyelit, difteriya, qoqshol kasalliklari qator yillar mobaynida qayd etilmadi. Bugungi kunda bolalarni emlash uchun YuNISEF tomonidan qator ishlar olib borilmoqda. Mamlakatimiz Milliy immunizazatsiya dasturini kuchaytirish va barqarorligini ta’minlashda amaliy hamda konsultativ yordam ko‘rsatilayapti. Xususan, YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida yangi vaksinalar xarid qilinmoqda. Yurtimizning barcha hududida uni saqlash va emlashni amalga oshiruvchi mutaxassislar salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan seminar-treninglar tashkil etilmoqda.
ADTI ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori G‘.M.Xodjimatov ochib bergan ilmiy-amaliy konferensiya “Yuqumli kasalliklar muammolari. Jigar ichi xolestazi: jigar turli xil zararlanishlari sabablari va ularni bartaraf qilish” mavzusiga bag‘ishlandi. Anjumanni yuqumli kasalliklar kafedrasi mudiri, dotsent D.Mirzakarimova olib bordi. Anjuman davomida bugungi kunda uchrayotgan xavfli infeksiyalar, gepatologiya, gastroenterologiya, klinik farmokologiya, yuqumli kasalliklarning epidemiologiyasi, profilaktikasi, tashxisi, davolash usullari va yangi texnologiyalar kabi masalalar muhokama qilindi.
Anjumanda infeksion va parazitar kasalliklar, ularni oldini olish to‘g‘risida munozara va muhokama qilindi. Sohaning yetakchi olimlari tomonidan ma’ruzalar qilinadi. Anjumanda Belorusiyadan Grodno davlat tibbiyot universiteti professori Vladimir Maksimovich Sirkunov ishtirok etdi. Belorusiyalik olim sohadagi yangi texnologiyalar innovatsiyalar va izlanishlar, yechimini kutayotgan muammolar yuzasidan ma’ruza qildi.
Tashrif mobaynida V.M.Sirkunov institut talabalariga yuqumli kasalliklar bo‘yicha “Virusli gepatitlar”, “Parazitar kasalliklar” va “Ichak infeksiyalari” mavzularida amaliy mashg‘ulotlar o‘tdi va ma’ruzalar o‘qidi.
Ra’noxon Hayitboyeva,
“Tibbiyot gulshani” gazetasi muharriri.