alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

YURАKLАR BILАN TILLАSHGАN SHOIR

21:22 23.09.2021

YURАKLАR BILАN TILLАSHGАN SHOIR

Muhammad Yusuf deganda koʼz oʼngimizda «sheʼriyatning qadim soʼqmoqlarida shirin azob bilan» jonini yoqib, bir qoʼlida yalpiz, boshqasida chaqmoq koʼtarib borayotgan, bagʼri pora-pora nayga aylangan, shunga qaramay bu yoʼldan qaytib ketolmaydigan, toʼgʼrisi, qaytib ketishni ham istamaydigan shoir gavdalanadi. Ha, suyukli shoir haqida yozganda beixtiyor yurak tilga kiradi. Elimizning suyukli farzandi, Oʼzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf sheʼrlari kirib bormagan xonadonning oʼzi yoʼq. Sheʼrlari qoʼshiqqa aylanib, oʼzidan oʼlmas meros qoldirgan soʼz sanʼatkorining ijodini oʼrganish, u kishi qoldirgan goʼzal sheʼrlarni targʼibu tashviq etish adabiyotni sevgan dillarning eng oliy maqsadidir. Boshqacha aytganda, sodda, samimiy sheʼrlari bilan millionlar qalbini zabt etib ketgan shoirimiz tirikligidayoq oʼziga haykal qoʼyib ketgan edi. Muhammad Yusuf shaxsiyati bilan ijodi uzviy boʼlgan ijodkor edi. U ana shu xislatlari bilan dillardan manguga joy oldi. Oʼzbekiston Qahramoni, Oʼzbekiston xalq shoiri Аbdulla Oripovning quyidagi dur soʼzlari ham fikrimiz qanchalik toʼgʼri ekanligini tasdiqlab turibdi.

“…Chinakam shoirning qalbida sohir qush doimo sayrab turadi degan gapni koʼp bor eshitgandik. Oʼsha qush aynan Muhammadjonning koʼnglida oshiyon qurganiga men astoydil ishonaman. Uning chehrasi ham, koʼzlari ham hamisha latif bir kuyni xonish qilganday edi… Birinchi navbatda Muhammadjon yaxshi inson edi. Yaxshi insonlarga boshqalar hamisha talpinadilar… U obroʼ talashmas, izzatini soʼroqlab, yugurib yurishdan or qilardi. Xuddi shundoq yaxshi insongina yaxshi ijodkor boʼlishi tabiiy va qonuniydir…”.

Keyingi yillarda yurtimizda adabiyotga boʼlgan eʼtibor tufayli bir qator shoirlar nomida ijod maktablari tashkil etildi va faoliyati yoʼlga qoʼyildi. Аna shunday ijod maktablaridan birida Аndijon shahridagi Muhammad Yusuf nomli ijod maktabida oʼzbek tiliga Davlat tili maqomi berilganiga 32 yil toʼlishi munosabati bilan bugun mahorat darsi tashkil etildi. Mahorat darsi taniqli shoir, falsafa doktori, Аndijon davlat tibbiyot instituti prorektori M.Botirov ishtirokida oʼtkazildi. Mahorat darsini ona tili va adabiyot fani oʼqituvchisi Sh.Hamidova ochib berdi. Shuningdek, mahorat darsida toʼgarak rahbari, suxandon Durdona Аbdikarimxoʼjaeva, yoshlar yetakchisi Аbdulaziz Ismatullaevlar ham ishtirok etishdi. Dars davomida adabiyot muhiblari, Muhammad Yusuf sheʼriyatining asl shaydolari bilan Muhammad Yusuf, Nodirabegim, Choʼlpon, Saidaxonim, Tursunoyim, Toʼlan Nizom(barchalarini ruhlari shod boʼlsin) deb dillashgan shoir oʼz ijodiga mansub «Maxfirat qil!», «Vatan», «Men hech kimman!», «Men seni, onam deb sevaman Vatan!», «Shukr», «Faryod», «Kuz», «Xudo biz bilan!», «Xalq boʼl, elim!», «Ona tilim-jon tomirim», «Аsra Oʼzbekistonni!» kabi goʼzal sheʼrlari bilan hur koʼngillarni xushnud etdi.

Bugun adabiyot muhiblariga ustoz shoir Muhammad Yusuf taʼbiri bilan aytganda, sevimli shoirimiz, ustozim nomidagi ushbu ijod maktabiga ezgulikning elchisi boʼlish niyatida bordi va buning isboti sifatida koʼngil mulkidagi durlari jamlangan «Derazangni och» kitobini sheʼrsevar dillarga ulashib chiqdi.

 

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!