Bugun, 1-mart o‘zbek xalqining ardoqli shoirasi Zulfiya Isroilova tavallud topgan kun. Ushbu sana munosabati bilan Andijon davlat tibbiyot institutida “Zulfiyaxonim – mehr-muhabbat va sadoqat timsoli” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Institutning Xotin-qizlar maslahat kengashi tashabbusi bilan tashkil qilingan ushbu tadbirda kengash raisi, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi G.Xolmatova, “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti sohibasi R.Rustamova, viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi bosh mutaxassisi F.Xojimatova ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar Zulfiyaxonim hayoti, ijodi va go‘zal insoniy fazilatlari haqida so‘z yuritdi. She’rlaridan namunalar o‘qidi. “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti sohibalari ushbu mukofotga sazovor bo‘lgan paytlardagi taassurotlari, unga qadar qilingan mehnat va harakat haqida aytib o‘tdi.
Bugungi kunda yoshlar ayniqsa, ayol-qizlar uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar, qo‘llab-quvvatlashlarga talaba-qizlarimiz ham o‘zlarining tashabbuskorligi, intiluvchanligi bilan munosib javob qaytarishi muhimligi ta’kidlandi.
Ularning bugungi faolliklari ertaga shirin meva berishi, farzandlariga esa o‘rnak bo‘lishi aytib o‘tildi.