O‘sh  davlat  universiteti iqtidorli talabalari Andijonda

319 Yangiliklar

      2018- yil 12- mart kuni Qirg‘iziston Respublikasi  O‘sh davlat universiteti  meditsina fakultetining 10 nafar iqtidorli talabasi Andijon davlat tibbiyot institutiga  tashrif buyurdi. Institut bosh binosida talabalarni xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i  K.Salohiddinov, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori  A.Arziqulov, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor P.Asxanov, davolash fakulteti dekani B.Abdullajonov, dekan o‘rinbosarlari hamda institut yoshlar ittifoqi faollari samimiy kutib oldilar.

      Institut xalqaro aloqalar bo‘limida o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori  A.Arziqulov  qirg‘izistonlik talabalarga institut  tarixi va bugungi kuni, fakultet va kafedralar faoliyati,  o‘quv jarayoni, professor-o‘qituvchilar tajribasi xususida ma’lumotlar berdi. Shuningdek, ikki qardosh xalq o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini bog‘lash va mustahkamlashda bunday uchrashuvlarning ahamiyati katta ekanligini ta’kidladi.

       Shundan so‘ng, stomatologiya fakulteti ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosari K.Baydullaev mehmon talabalarga hamrohlik qilib, institut muzeyi, Axborot texnologiyalar  markazi, ARM faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi.

        Kunning ikkinchi yarmida talabalar Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasi bo‘limlari hamda bu yerda joylashgan kafedralardagi o‘quv-amaliy  jarayonlarni ko‘zdan kechirdilar.

         – Men  O‘shDU meditsina fakultetining 4- kurs talabasiman. Bizni juda yaxshi kutib olishdi. Andijonlik do‘stlarim bilan mana shunday nufuzli oliygohda birgalikda o‘qib, tajriba almashish uchun kelganimdan juda  xursandman. O‘ylaymanki, har ikki oliygoh o‘rtasidagi talabalar almashinuvi uzoq yillar davom etib, kelgusida o‘z samarasini ko‘rsatadi,-dedi Qayratbek Mamatov biz bilan suhbatda.

         O‘shDU talabalari 10 kun mobaynida  Andijon davlat tibbiyot institutida tahsil olayotgan tengdoshlari qatorida  darslarga qatnashadilar. Shuningdek, talabalar turar joyida yashab, bu yerdagi turli  tadbirlarda, Navro‘z bayrami shodiyonalarida ishtirok etadilar.


Maqolaga ovoz bering:  

Do'stlaringizga ulashing: