alexa
Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon davlat tibbiyot instituti
(0-374) 223-94-60
Andijon sh. Yu.Otabekov 1-uy

«Adabiyot yashasa- millat yashaydi. »

10:57 27.03.2021

Bugungi kunda ijtimoiy-ma’naviy sohalardagi islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad xalqimizning ma’naviy yuksalish yo‘lidagi imkoniyatlarni kengaytirish, jamiyatda ma’rifatparvar ziyolilarning, xususan, Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon ijodini o‘rganish muhim  ahamiyat kasb etadi. Chunki, uning qarashlaridagi ozodlik, istiqlol, vatanparvarlik, millatparvarlik, ma’rifatparvarlik kabi yuksak g‘oyalarni o‘rganish Cho‘lponning ma’naviy olamini to‘laqonli yoritish imkonini beradi.

Cho‘lpon o‘tgan asrning boshlarida o‘zbek sovet adabiyotida birinchilardan bo‘lib, barmoq vaznida jozibali she’rlar, qo‘shiqlar yaratgan badiiy so‘z ustasi hisoblanadi. Biroq, uning ijodini faqat poeziya bilan chegaralash mumkin emas. U bir vaqtning o‘zida ham shoir, ham dramaturg, ham yozuvchi, ham san’atshunos, ham adabiyotshunos hamda zukko tanqidchi sifatida ham ijod qildi. Shu ma’noda bugungi ma’naviy yangilanish jarayoni Abdulhamid Cho‘lponning g‘oyaviy-badiiy ijodini o‘rganishni taqazo etmoqda.

Abdulhamid Cho‘lponning badiiy ijodi xalqni ma’rifatli qilish, badiiy dunyoqarashini boyitish, go‘zallikka muhabbat uyg‘otish, milliy o‘zligini anglashni ifoda etadi va bularni inson kamoloti, xalq hayoti va jamiyat ma’naviy yuksalishida dolzarbdir.

Har bir ulug‘ adib va san’atkorning hayot yo‘li faqat uning shaxsiy faoliyati, umri va taqdirinigina emas, balki u mansub bo‘lgan millat, yashagan zamonni ham aks ettiradi. Abdulhamid Cho‘lponning hayoti va ijodi bunga yorqin misoldir.

Ma’lumki, Cho‘lpon «Qalandar», «Mirzaqalandar», «Andijonlik» kabi taxalluslar bilan ijod qilgan.

O‘tgan asrning 20-yillarida Cho‘lpon sermahsul shoir sifatida e’tiborga tushadi va she’riy to‘plamlari ketma-ket nashr etiladi. Ayniqsa, «Uyg‘onish» (1922), «Buloqlar» (1922), «Tong sirlari» (1926), «Soz» (1935) majmualarini o‘quvchilar sevib mutolaa qilishgani haqida manbalarda ta’kidlanadi. Bundan tashqari, nasriy asarlari orasida «Do‘xtur Muhammadiyor», «Qor qo‘yinida lola» hikoyalari, «Yov» qissasi, «Kecha va kunduz» romanining «Kecha» qismi diqqatga sazovordir.

Cho‘lpon ilk ijodiy pillapoyalarida yer va el (vatan va millat)ning  abadiy aloqadorligi, birligi masalasini tarannum etdi. Buning uchun u qanday va qaysi yo‘l bilan Vatan va millat uyg‘unligini ko‘tarish va kuylash mumkin, degan savol ichida fikrladi.

Xalqimizning uzoq asrlardan buyon adabiyotga yaqinligi va adabiyotning xalq tarixi va taqdirini yoritib kelganini, shu tufayli u qanchalik xalqni  chuqur his qilgani va bilgani uchun, boshqa xalqlar tarixini, hayotini ham adabiyotdan bilib olish mumkinligini anglab, adabiyotning ahamiyatini nazariy asoslashga muvaffaq bo‘ldi. Adabiyotni shunchaki ko‘ngil va tasavvur o‘yini emas, u ijodiy jarayondagi murakkab hodisa ekanligini ifodalash yo‘liga kirdi. Adabiyot odamlarda ma’naviy his-hayajon, tuyg‘u uyg‘otadigan go‘zallik namunasi. Adabiyotning o‘z ichki qonuniyati, ta’sir kuchi va imkoniyatlari uning badiiy go‘zallik qasri ekanligidan dalolat bersa, bu qasrning mavqei, ahamiyati va kelajagi undan ta’sirlangan, o‘zlashtirgan xalq, ijtimoiy muhit, diniy va falsafiy g‘oyalar bilan qanchalik uyg‘unligiga bog‘liq. Adabiyotning xalq, davr va tarixiy ijtimoiy muhitdagi o‘rni, ahamiyati unga bo‘lgan munosabatda yaqqol ko‘zga tashlanadi. O‘z davri muammolaridan uzoqlashib, xalq, Vatan dardi, muammolari, hayoti aks etib turmasa bunday adabiyot yer va elga begonadek tuyuladi.

Cho‘lpon «Adabiyot nadur?» maqolasida qator ijtimoiy-falsafiy, badiiy-estetik va psixologik masalalarni yoritadi. «Hech to‘xtalmasdan,- deydi Cho‘lpon, – harakat qilib turg‘on vujudimizga, tanimizga suv-havo na qadar zarur bo‘lsa, maishat yo‘lida har xil qora kirlar ila kirlangan ruhimiz uchun ham shul qadar adabiyot kerakdir. Adabiyot yashasa – millat yashar. »

Darhaqiqat, qaysi xalq shakllanmasdan, ijtimoiy, tabiiy, milliy muhit vorisi, egasi va javobgari bo‘lmasdan avval uning adabiyoti paydo bo‘lgan?

Avval har bir xalq shakllanib, turli  ijodiyot, laparlar, rivoyat  va maqollar, hazil yoki kesatiq chaqiruv, iltimos, duo singari ruhiy  hikmatlar to‘plangandan keyingina og‘zaki va yozma adabiyot paydo bo‘ladi. Adabiyot estetik tafakkurda tug‘ilib el, xalq, millat tarixining ma’naviy javoxiriga aylanadi.

Xalq, millatsiz adabiyotning paydo bo‘lishi va taraqqiyoti bo‘lmaydi. Lekin uning tarixdan farqi shundaki, tarix voqealarning o‘rni, sababi va oqibatlarini aniq misollar, belgilar va sabablar orqali ifoda etadi.

Shoir «Adabiyot nadur?» savoliga har tomonlama yondoshgan holda chuqur ijtimoiy-tarixiy va badiiy-estetik fikrlarni ifoda etadi. Uning bir asr ilgari yozgan maqolasi hamon jarangli va adabiyotga daxldordir.

 

Sardorbek ERMUHAMMETOV

Andijon davlat tibbiyot instituti Davolash fakultetining  5-bosqich talabasi

 

 

Skip to content aasaaasaasas Click to listen highlighted text!