Bugun, 25-iyun kuni Andijon davlat tibbiyot institutida iyun oyi Ilmiy kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni institut rektori M.Madazimov kirish so‘zi bilan ochib berib, oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, ta’lim sifati va ilmiy faoliyat samaradorligini oshirish borasidagi ustuvor vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Dastlab, an’anaviy tarzda tadbir avvalida ilmiy unvon va darajaga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilar, shuningdek, respublika va xalqaro tanlovlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan iqtidorli yoshlar tantanali ravishda taqdirlandi.
Shundan so‘ng, yig‘ilish kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan mas’ullarning hisobotlari tinglandi hamda tegishli muhokamalar olib borildi.
Dastlab, magistratura bo‘limi boshlig‘i B.Tursunov tomonidan magistratura talabalari dissertatsiya ishlarini olib borish holati, ilmiy tadqiqotlarning sifati va ularning belgilangan muddatlarda bajarilishi yuzasidan ma’lumot berildi. Mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud vazifalar muhokama qilindi.
Shundan so‘ng Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i A.Pakirdinov tomonidan institutda o‘tkazilgan maxsus davlat akkreditatsiyasi natijalari, talabalar o‘rtasida tashkil etilgan ijtimoiy so‘rovnoma yakunlari hamda milliy reyting indikatorlari va ularni hisoblash metodikasi bo‘yicha batafsil axborot taqdim etildi. Muhokamalar davomida ta’lim sifatini yanada oshirish, talabalar fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda mavjud faoliyatni takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan ADTI klinikasi bosh shifokori B.Raxmonov klinikada olib borilayotgan rekonstruksiya ishlari yakunlanayotganligi munosabati bilan bo‘limlarning yangi binolarga ko‘chirilishi jarayoni, aniqlanayotgan kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida hisobot berdi.
Yig‘ilish yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, mas’ullarga aniq vazifalar va topshiriqlar belgilab berildi.














