Andijon davlat tibbiyot instituti rektori M.Madazimov Izboskan tumani tibbiyot muassasalarida malakaviy amaliyot o‘tayotgan institut talabalarining amaliyot jarayoni bilan yaqindan tanishish hamda ular bilan ochiq muloqot o‘tkazish maqsadida uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida rektor talabalarning amaliyot davridagi faoliyati, kasbiy tayyorgarligi va o‘zlashtirayotgan amaliy ko‘nikmalari bilan qiziqdi. Suhbat davomida bugungi kunda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy tibbiy texnologiyalar va innovatsion yondashuvlarning ahamiyati, yosh mutaxassislar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda davlat tomonidan yoshlarga qaratilayotgan e'tibor haqida batafsil fikr yuritildi.

Shuningdek, rektor talabalarga institutda egallagan nazariy bilimlarini amaliyot jarayonida to‘g‘ri va samarali qo‘llash, har bir bemorga mas'uliyat bilan yondashish, shifokor kasbining sharafi va mas'uliyatini doimo chuqur his etish zarurligini ta'kidladi. Bemorlar bilan samimiy, xushmuomala va tibbiy etika qoidalariga rioya qilgan holda muloqot qilish, kasbiy odob-axloq me'yorlariga amal qilish kelajakdagi malakali shifokor uchun muhim fazilatlardan biri ekani alohida qayd etildi.
M.Madazimov amaliyot davridan unumli foydalanish, amaliyot rahbarlari va tajribali shifokor-ustozlarning tavsiya hamda maslahatlarini diqqat bilan o‘rganish, ulardan kasbiy tajriba orttirish kelgusidagi faoliyat uchun mustahkam poydevor bo‘lishini ta'kidladi. Talabalar ham o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan fikr bildirib, amaliyot jarayoni bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bayon etdi.

Shundan so‘ng institut rektori hamda mas'ul xodimlar tuman tibbiyot muassasalarida yaratilgan sharoitlar, amaliyot bazalarining faoliyati va talabalarning amaliy mashg‘ulotlarini ko‘zdan kechirdilar. Talabalarning bemorlar bilan ishlash jarayoni, amaliy ko‘nikmalarni egallash darajasi hamda ularga biriktirilgan ustoz-shifokorlar tomonidan olib borilayotgan o‘quv-amaliy ishlar atroflicha o‘rganildi.


Uchrashuv yakunida talabalarga amaliyot davridan samarali foydalanish, o‘z ustida muntazam ishlash, tibbiyot sohasidagi yangiliklarni izchil o‘rganish hamda kelgusida xalq salomatligini asrash yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qiladigan malakali shifokor bo‘lib yetishish borasida zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.






