Andijon davlat tibbiyot instituti rektori Madamin Madazimov Andijon shahridagi tibbiyot muassasalarida malakaviy amaliyot o‘tayotgan 5-bosqich talabalari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Samimiy muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda bo‘lajak shifokorlarning kasbiy tayyorgarligi, nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash, tibbiyot sohasidagi zamonaviy yutuqlarni muntazam o‘rganish hamda malakali mutaxassis bo‘lib yetishish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Rektor o‘z so‘zida bugungi kunda tibbiyot sohasi jadal rivojlanib borayotganini, shuning uchun har bir talaba zamonaviy diagnostika va davolash usullarini o‘rganishga, ilmiy yangiliklarni muntazam kuzatib borishga intilishi lozimligini ta’kidladi. Shuningdek, shifokor kasbining yuksak mas’uliyat talab etishi, bemorlarga mehr va e’tibor bilan munosabatda bo‘lish, tibbiyot etikasi hamda deontologiya qoidalariga qat’iy amal qilish har bir bo‘lajak shifokorning eng muhim fazilatlaridan biri ekani qayd etildi.
Uchrashuv davomida talabalarga tajribali ustoz-shifokorlardan samarali bilim va ko‘nikmalarni egallash, amaliyotning har bir kunidan unumli foydalanish, nazariy bilimlarni amaliyotga to‘g‘ri tatbiq etish, ilmiy adabiyotlarni mutolaa qilish, xorijiy tillarni, xususan, tibbiyotda keng qo‘llaniladigan ingliz tilini puxta o‘rganish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Shuningdek, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishi, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishi, sog‘lom turmush tarziga amal qilishi hamda o‘z ustida muntazam ishlashi kelgusida yetuk va raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib shakllanishida muhim omil ekani alohida ta’kidlandi.
Muloqot davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, amaliyot jarayonlari, kasbiy rivojlanish va kelgusidagi faoliyatga oid fikr-mulohazalarini bildirdilar. Rektor tomonidan ularning savollariga batafsil javoblar berilib, zarur tavsiyalar bildirildi.
Uchrashuv yakunida Andijon shahridagi tibbiyot muassasalarida tashkil etilgan amaliyot jarayonlari bilan yaqindan tanishildi. Talabalarning bemorlar bilan ishlash, klinik ko‘nikmalarni egallash, tibbiy hujjatlarni yuritish va davolash jarayonlaridagi ishtiroki kuzatildi. Amaliyot bazalarida yaratilgan sharoitlar, ta’lim jarayonining sifati hamda ustoz-shifokorlar tomonidan talabalarga ko‘rsatilayotgan metodik yordam yuzasidan mas’ullar bilan fikr almashildi.
Mazkur uchrashuv bo‘lajak shifokorlarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash, ularni zamonaviy tibbiyot talablari asosida tayyorlash hamda amaliyot samaradorligini oshirishga xizmat qildi.











