Andijon davlat tibbiyot instituti rektori Madamin Madazimovning sayyor qabuli doirasida tashkil etilgan bepul tibbiy ko‘riklar Shahrixon tumanida davom etmoqda. Mazkur tashabbus aholining salomatligini mustahkamlash, kasalliklarni erta aniqlash va malakali tibbiy xizmatni aholiga yanada yaqinlashtirishga xizmat qilmoqda.
Navbatdagi tibbiy ko‘rik Shahrixon tumanidagi 64-oilaviy poliklinikada tashkil etildi. Ushbu poliklinika tumandagi 7 ta mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilayotgan 24 ming nafardan ortiq aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Tibbiy ko‘rik jarayonida institutning rektori boshchiligida turli yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan 18 nafar yuqori malakali professor-o‘qituvchi va shifokor-mutaxassislar tomonidan 400 nafardan ziyod fuqarolar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan bemorlarning murojaatlari tinglanib, zarur tavsiyalar hamda davolanish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Ko‘rik davomida zamonaviy diagnostik usullar keng qo‘llanildi. Xususan, 74 nafar fuqaroga elektrokardiografiya (EKG), 68 nafar fuqaroga ultratovush (UZI) tekshiruvlari hamda laborator tahlillar o‘tkazildi. Tekshiruvlar natijalariga ko‘ra, murakkab davolanishga muhtoj bo‘lgan 4 nafar bemorga viloyat ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalariga, 6 nafar bemorga esa tuman tibbiyot muassasalariga qo‘shimcha tekshiruv va davolanish uchun yo‘llanmalar berildi.
Shuningdek, salomatligi sababli tibbiy muassasaga kelish imkoniyati bo‘lmagan 3 nafar bemorning xonadoniga borilib, joyida tibbiy ko‘rik va maslahatlar tashkil etildi. Ko‘rik yakunida ehtiyojmand bemorlarga 120 turdagi dori-darmon vositalari bepul tarqatildi.
Bunday sayyor tibbiy qabullar aholining sifatli va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, kasalliklarni erta aniqlash hamda profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.











