2-11-avgust kunlari Andijon davlat tibbiyot institutida “Pearl of Valley – 2026” (“Vodiy gavhari”) V xalqaro yozgi maktabi tashkil etildi.
Joriy mavsumda O‘zbekiston, Rossiya, Janubiy Koreya va Qirg‘iziston davlatlaridan jami 17 nafar talaba ishtirok etdi.
Yozgi maktab davomida yoshlar zamonaviy tibbiyotning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha nazariy bilimlarini mustahkamlab, ularni real va simulyatsion vaziyatlarda amaliyotda qo‘llash imkoniga ega bo‘ldi.

Alohida e’tibor ishtirokchilarning nazariy bilimlarini amaliy harakatga aylantirishiga qaratildi. Real vaziyatlarga maksimal darajada yaqinlashtirilgan simulyatsion mashg‘ulotlar orqali yoshlar murakkab holatlarda tez va to‘g‘ri qaror qabul qilish, jamoada ishlash hamda inson hayotini saqlab qolishga qaratilgan amaliy ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdi.

Amaliy mashg‘ulotlar — travmalarda birinchi yordam, qon ketishini to‘xtatish va immobilizatsiya, shoshilinch tibbiyot — CPR, BLS va ALS, cho‘kayotganlarni qutqarish, favqulodda vaziyatlar — TRIAGE, zilzila, YTH va yong‘in kabi holatlarda tezkor harakat, klinik tajriba — Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Andijon filiali bilan tanishuv, jamoaviy hamkorlik — tezkor fikrlash, yetakchilik va mas’uliyatli qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘ldi.

Yozgi maktab yakunida institut rektori M.Madazimov ishtirokchilar bilan samimiy uchrashib, ularning taassurotlari va kelgusidagi rejalari bilan qiziqdi. Rektor yoshlarni doimiy izlanish, zamonaviy tibbiyot yutuqlarini o‘rganish va kelajakda o‘z kasbining fidoyi mutaxassislari bo‘lishga chorladi.

“Pearl of Valley – 2026” — bu shunchaki 10 kunlik ta’lim emas, balki bilim, amaliyot, tajriba, jamoaviylik va kasbiy rivojlanish uyg‘unlashgan xalqaro maydon bo‘ldi.





