Bugun Andijon davlat tibbiyot instituti hayotida muhim va quvonchli voqea — institut huzurida tashkil etilgan zamonaviy “Ilmiy tekshirish laboratoriya markazi va vivariy”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur markazning foydalanishga topshirilishi institutda tibbiy ta’lim, ilm-fan va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish, zamonaviy laboratoriya diagnostikasi imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
Tadbirda institut rektori M.Madazimovning tabrik so‘zi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor K.Salohiddinov tomonidan o‘qib eshittirildi.
Shuningdek, ochilish marosimida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir To‘lqin Siddiq, “Ilmiy tekshirish laboratoriya markazi va vivariy” rahbari N.Qodirov hamda molekulyar genetika bo‘yicha ilmiy maslahatchi A.Abdullayev so‘zga chiqib, yangi markazning ilm-fan va tibbiyot rivojidagi ahamiyati haqida fikrlarini bildirdi.

Markazni barpo etish uchun 18 milliard so‘m, uni zamonaviy laboratoriya jihozlari bilan ta’minlash uchun esa 1,7 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
To‘rt qavatli zamonaviy binoda laboratoriya xonalari bilan bir qatorda vivariy bo‘limi ham tashkil etilgan. Markazda gematologik, biokimyoviy, immunologik, genetik, toksikofarmakologik va morfologik tadqiqotlarni amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Bu yerda zamonaviy gematologik va biokimyoviy analizatorlar, koagulyatsiya tizimlari, immunologik tekshiruv uskunalari, real-time PCR tizimi, sentrifugalar hamda biologik materiallarni saqlash uchun maxsus laboratoriya jihozlari o‘rnatilgan.
Markazning asosiy vazifalaridan biri — nafaqat laboratoriya tahlillarini amalga oshirish, balki ilmiy tadqiqotlar, innovatsion loyihalar, tajriba-sinov ishlari va yosh olimlarni tayyorlash uchun zamonaviy ilmiy baza yaratishdir.

Bu yerda PhD talabgorlari, doktorantlar, talabalar va professor-o‘qituvchilar zamonaviy tibbiy-biologik tadqiqotlar olib borishlari, mikroskopik va morfologik tekshiruvlar o‘tkazishlari hamda laboratoriya hayvonlarida tajriba va ilmiy izlanishlar olib borishlari uchun keng imkoniyatlarga ega bo‘ladilar.
Kelgusida laboratoriya jarayonlarini raqamlashtirish, LIS/LIMS tizimlarini joriy etish, avtomatlashtirish darajasini oshirish va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish orqali tadqiqotlarning tezligi, aniqligi va sifatini yanada oshirish ko‘zda tutilgan.
Qatnashchilar yangi “Ilmiy tekshirish laboratoriya markazi va vivariy” Andijon davlat tibbiyot institutining ilmiy salohiyatini yanada yuksaltirib, butun Farg‘ona vodiysida tibbiyot ilmi va amaliyotining rivojiga xizmat qiladigan yirik ilmiy markazlardan biriga aylanishini e’tirof etdi.












