Paxtaobod tumani 53-sonli Oilaviy poliklinikasiga qarashli hudud aholisi uchun Andijon davlat tibbiyot instituti rektorining sayyor qabuli doirasida keng qamrovli chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Mazkur tashabbus aholiga sifatli va o‘z vaqtida tibbiy xizmat ko‘rsatish, kasalliklarni erta aniqlash hamda ularning oldini olishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi.
Tadbir davomida institutning 18 nafar yuqori malakali shifokor-mutaxassislari faol ishtirok etib, hududning 285 nafardan ortiq aholisiga ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat ko‘rsatdilar. Fuqarolar turli yo‘nalishlar bo‘yicha malakali mutaxassislar ko‘rigidan o‘tib, o‘z sog‘liklari yuzasidan zarur tavsiyalar va maslahatlar olishdi.
Chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik jarayonida zamonaviy diagnostika usullaridan keng foydalanildi. Jumladan, 62 nafardan ortiq bemor ultratovush tekshiruvi (UTT)dan o‘tkazildi, 38 nafardan ortiq fuqaro yurak faoliyatini tekshirish maqsadida elektrokardiografiya (EKG) tekshiruvlaridan o‘tdi. Shuningdek, 10 nafardan ortiq bemorda endokrin kasalliklarni aniqlashga qaratilgan maxsus skrining tekshiruvlari amalga oshirildi.
O‘tkazilgan skrining va tibbiy ko‘riklar natijasida ayrim fuqarolarda turli kasalliklar erta bosqichda aniqlanib, ularga zarur davolanish choralarini ko‘rish hamda tegishli mutaxassislarga murojaat qilish bo‘yicha yo‘llanmalar berildi. Bu esa kasalliklarning asoratlarini oldini olish va aholining sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbir davomida shifokorlar tomonidan sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollikni oshirish, surunkali kasalliklarning oldini olish hamda muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tib turishning ahamiyati haqida tushuntirish ishlari ham olib borildi.







